O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Hushyorlik hech qachon ziyon qilmaydi

Hushyorlik hech qachon ziyon qilmaydi

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hududida 2019-yilning 9 oyi davomida 54 marotaba turli darajadagi yongʻinlar qayd etilgan boʻlsa, shu yongʻinlar oqibatida 1 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan yongʻinlarning 32 tasi aholi turar joylarida roʻy berganligini hisobga olgan holda soha vakillari tomonidan aholi koʻp yigʻiladigan maskanlarda profilaktik tadbirlar tashkillashtirilmoqda. Navbatdagi tadbir, Nishon tumani hokimligi binosi yaqinidagi ochiq maydonda oʻtkazildi.

Unda bevosita ishtirok etgan tuman elektr tarmoqlar korxonasi va gaz uchastkasi xodimlari kuz-qish mavsumida yoqilgʻi mahsulotlaridan oqilona va xavfsiz foydalanish haqida oʻz tushunchalarini berdi.

Tadbirga yigʻilgan oʻquvchi yoshlarga gaz moslamalaridan xavfsiz foydalanish tartiblari tushuntirilgan boʻlsa, elektr tarmoqlar korxonasi xodimlari tomonidan elektr bilan bogʻliq nosozliklarni va boshqa avariyalarni bartaraf etishda zarur boʻladigan asbob-anjomlar haqida aytib oʻtildi.

Shu bilan birga tadbir davomida yongʻin-qutqaruv xizmati tomonidan sodir boʻlgan yongʻin va boshqa favqulodda holatlarda toʻgʻri harakatlanish hamda tezkor xizmatlarga xabar berish tartiblari haqida ham kerakli tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida oʻquvchi va yoshlarga yongʻinga boʻlgan ongli munosabatni shakllantirish maqsadida, shartli yongʻin hosil qilinib, uni bartaraf etish jarayonlari amaliy tarzda koʻrsatib oʻtildi.

1 279
Oʻ.BAROTOV, OʻzA