O‘zA O`zbek

31.08.2018 20:13 Chop etish versiyasi

Hurlik solnomasi bitilar dildan

Hurlik solnomasi bitilar dildan Har yili Mustaqillik bayrami arafasida ortga bir nazar solib, yil davomida yurtimizda qanday oʻzgarishlar boʻldi, xalqimiz bu yil nimalarga erishdi, qanday ezgu ishlar mamlakatimiz aholisini xushnud etdi, odamlarni ham iqtisodiy, ham maʼnaviy barkamol etadigan qaysi yaxshi, sogʻlom amallar roʻyobga chiqdi – shular haqida oʻyga tolaman, yutuqlarni mulohaza qilib, quvonaman.

Ijodkor boʻlganim uchun oʻzimga yaqin soha, yaʼni adabiyot, til, kitob va kitobxonlikka taalluqli ishlarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Mustaqillik tufayli xalqimiz erishgan eng oliy neʼmatlardan biri – oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi edi.

Yurtimizda savodxonlikni rivojlantiruvchi omillardan biri boʻlgan shahar va tumanlarda doʻkon va korxonalar peshtoqlarida yoziladigan har bir yozuvdan tortib, maktab, oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim jarayonlarida savodxonlikka eʼtiborni kuchaytirish bugunning eng zarur talabidir.

Ha, bu sohada koʻp ishlar amalga oshirildi, islohotlar davom etmoqda. Prezidentimizning kitobxonlikni targʻib qilish va ragʻbatlantirish borasidagi ezgu tashabbuslari gʻoyat qadrlidir. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarori ham barcha ijod ahlini birdek xursand qildi. Shulardan kelib chiqib, aytamanki, yurtimiz endi rivojlanishning eng oliy ilmiy, maʼrifiy tarafiga qarab yoʻlga chiqmoqda. Toʻgʻrida, har qancha faxrlansak, quvonsak arzigulik ishlar. Qaror faqatgina uyushma faoliyati va uning xodimlarigagina taalluqli boʻlmasdan, bevosita uyushma aʼzosi boʻlgan har bir yozuvchi-shoirga, nafaqat yozuvchi-shoirga, qoʻlida qalami borki, har qanday ijodkorga katta masʼuliyatli vazifalarni belgilab berdi. Zamon bilan hamnafas yashash endi ijodkorning birlamchi ishi boʻlmoqda. U yuksak badiiy asar yozish barobarida vijdoniga xilof ish tutmasligi kerak boʻladi.

Ijodkor hayotni haqqoniy tasvirlamogʻi zarur. Shundagina u bugun uchungina emas, kelajak uchun ham ijod qilgan boʻladi. Demak, yozuvchi-shoir uchun allaqanday qotib qolgan qoliplarda chegaralanib emas, rostmana erkin yozish imkoni berilgani ana shu gʻamxoʻrliklar nishonasidir.

Farid Usmon,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,
“Doʻstlik” ordeni sohibi.

OʻzA
1 834