O‘zA O`zbek

17.09.2019 Chop etish versiyasi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yangi qo‘llanma chop etildi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yangi qo‘llanma chop etildi

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida ham jinoyat ishlari bo‘yicha haqiqatni aniqlash va fan-texnika yutuqlaridan foydalanishning o‘ziga xos usuli sifatida ekspertiza institutiga alohida huquqiy maqom belgilangan.

Zero, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida keng tatbiq etish jinoyat ishlarini yuritish sifatini oshiradi, jinoyat ishiga oid dalillarni o‘z vaqtida qo‘lga kiritish, jinoyat sodir etgan shaxslarni tezda aniqlash va fosh etish orqali jinoyat protsessi vazifalarining samarali ijrosini ta’minlaydi. Shu ma’noda, ekspertiza bugungi kunda surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida dalillarni baholash va isbot qilishning protsessual vositalaridan biri hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi bu borada sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tayinlangan sud ekspertizalarini o‘tkazib kelmoqda. Amalga oshirilayotgan ekspertizalar soni yildan yilga oshib borayotganining o‘zi ham bugun ekspertiza muassasalariga nisbatan talabni nechog‘lik ortib borayotganligini tasdiqlamoqda.

Ishni sudga qadar yuritish hamda sud muhokamasi bosqichida ish uchun ahamiyatli qator holatlar bo‘yicha haqiqatni aniqlash yuzasidan maxsus bilimlardan foydalanishga ehtiyoj tug‘iladi. Shu ma’noda, ekspertiza o‘tkazishning nazariy asoslarini bilish nafaqat ekspertiza doirasidagi ilmiy izlanishlar yoki ekspertlarning amaliy faoliyati uchun, balki tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar hamda sudlar, advokatlar uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Zero, sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki advokat tomonidan sud ekspertizalarining nazariy asoslarini mustahkam egallash, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishning ishonchli kafolatidir.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi va oliy ta’lim muassasalari vakillari hamkorligida “Zamonaviy sud-ekspertiza imkoniyatlari” nomli o‘quv-amaliy qo‘llanma tayyorlandi.

Mazkur qo‘llanma odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga hissa qo‘shish maqsadida tayyorlangan bo‘lib, predmeti, ob’ektlari va metodikasi, ekspertizalarni tayinlash
va o‘tkazish masalalari, ekspertiza natijalari va ekspert xulosasini hujjatlashtirish hamda xulosasini baholash va undan foydalanish masalalari bilan birga, Respublikamiz sud ekspertiza muassasalarida o‘tkaziladigan ekspertizalarda hal etiladigan masalalar amaliy misollar bilan birgalikda yoritilgan.

Mazkur qo‘llanma huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, sudyalar, advokatlar va bu sohada ta’lim olayotgan talaba, tinglovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ekspertizaga kerakli hujjatlarni o‘z vaqtida sifatli tayyorlashga hamda turli sud va tergov ishlari ko‘rilayotganda huquqshunoslarga yordam berishga mo‘ljallangan.

X. Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertizasi markazi

2 984
O‘zA