Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 15:40 Chop etish versiyasi

Huquqiy targ‘ibotning samarali usullari joriy etiladi

Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 7-sentabrda qabul qilingan "Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida"gi qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida aholining faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, jamiyatda huquqiy ongni yanada yuksaltirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari hamkorligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilanganligi ta’kidlandi. Mazkur qonun ham aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy targ‘ibotning samarali usullarini joriy etishga xizmat qiladi.

Tadbirda ushbu qonun qabul qilinguniga qadar huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida yechilishi lozim bo‘lgan ma’lum bir muammoli masalalar mavjud bo‘lganligi aytib o‘tildi. Ushbu muammolarni bartaraf qilish, shu bilan birga huquqiy axborotni tarqatish jarayonini tartibga solishda tizimli yondashuvni va huquqning qo‘llanilishida bir xillikni ta’minlash maqsadida mazkur qonun qabul qilindi.

Qonun huquqiy axborotni tarqatish tizimi samaradorligi oshishiga, shuningdek, davlat organlari, mansabdor shaxslarning mas’uliyati kuchaytirilishiga xizmat qiladi. Qonun qabul qilinayotgan har bir normativ-huquqiy hujjat, qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar barcha davlat organlari va tashkilotlariga, ijrochilarga, har bir mahalla, kutubxona va ta’lim muassasasiga yetib borishi hamda u yerda ulardan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun bilan huquqiy axborotning tarqatilishiga mas’ul bo‘lgan organlar, ularning vakolatlari, majburiyatlari va javobgarliklari belgilab berildi. Xususan, Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish sohasida maxsus vakolatli davlat organi sifatida qayd etilib, unga davlat organlarining huquqiy axborotni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, uslubiy rahbarlik qilish vazifasi yuklatildi.

Anjumanda qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 539






Все о погоде - Pogoda.uz