O‘zA O`zbek

06.08.2018 20:31 Chop etish versiyasi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti taqdimoti

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti taqdimoti Inson qonunga tayangan holda harakat qilar ekan, u tashlayotgan qadamining to‘g‘ri, asosli va adolatli bo‘lgani uchun ham o‘zida ishonch va qudrat sezadi. Muhimi, u qonun himoyasida bo‘ladi.

Shu jihatdan qonunlar ijtimoiy hayotda muhim o‘rin tutadi va ularni zamon talablariga muvofiq takomillashtirib borish zarur. Prezidentimizning joriy yil aprel oyidagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot institutining tashkil etilgani shu maqsadga xizmat qiladi.

Poytaxtimizda “Huquqiy siyosat – davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori Hojimurod Isoqov va boshqalar yangi institut yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish, qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan faoliyat olib borishini ta’kidladi. Zero, institut jamiyatda huquqiy madaniyat va huquqiy ongni oshirishga qaratilgan tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida respublikaning yetakchi davlat ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi hisoblanadi.

Tadqiqot instituti taqdimotida yangi tuzilma milliy qonunchilikni va uning tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazishi qayd etildi. Jamiyat taraqqiyotiga hamohang keladigan ilmiy konsepsiyalar yaratish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishning innovatsion usullari ustida ish olib boriladi.

Sud-huquq sohasida qonun hujjatlari qo‘llanilishi amaliyoti tahlil qilinadi, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning huquqiy muammolarini o‘rganadi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlaydi. Yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

Tadqiqot instituti o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, ta’lim, ilmiy va axborot-tahliliy muassasalardan qarorlar, buyruqlar va boshqa hujjatarni, statistik ma’lumotlarni so‘rab olish, ularda huquqni qo‘llash amaliyotini bevosita o‘rganish vakolatiga ega.

Institut o‘z faoliyatida milliy va xorijiy davlatlar qonunchiligi qiyosiy tahlili, davlat organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish natijalari, huquqshunos, iqtisodchi, siyosatshunos olimlarning ilmiy tavsiyalari, shuningdek, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari tomonidan bildiriladigan taklif va tavsiyalarga tayanadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 326