Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 18:02 Chop etish versiyasi

“Adolat” nashriyoti tomonidan 8,5 million nusxaga yaqin adabiyotlar nashr etildi

Mamlakatimizda jamiyatning moddiy va ma’naviy jihatdan uyg‘un rivojlanishiga, yosh avlodning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ma’naviyatimizning muhim va uzviy qismi bo‘lgan adabiyotni rivojlantirish, noshirlik va matbaa ishlarini taraqqiy ettirish e’tibor markazida bo‘lmoqda. Matbuot, noshirlik va axborot sohasining mustahkam huquqiy asosi yaratildi. Bu borada o‘ndan ortiq qonun va o‘ttizdan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi xayrli ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan vazirlik huzuridagi ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyotida “Aholining huquqiy bilimi va savodxonligini oshirishda kitob mutolaasining ahamiyati” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z yuritildi.

“Adolat” nashriyoti direktori A.Inanboboyev, yuridik fanlari doktori M.Rustamboyev va boshqalar mamlakatimizda huquqiy ta’lim va ma’rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu aholining inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga, fuqarolarda qonunga itoatkorlik tuyg‘usi yanada ortishiga xizmat qilayotir.

Bu jarayonda huquqiy adabiyotlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, sifatini yaxshilash borasida 1992-yilda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyoti tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yigirma besh yilda nashriyotda mamlakatimizda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida 800 ga yaqin nomda qariyb 8,5 million nusxa adabiyotlar nashr etilib, aholiga yetkazildi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasining kodekslari, qonunlari, normativ-huquqiy hujjatlari, huquqshunoslikning turli sohalariga oid ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, darslik, o‘quv qo‘llanmalar bor.

Nashriyotning izchil rivojida davlatimiz tomonidan nashriyot, poligrafiya korxonalarini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratilayotgani, ularga soliq imtiyozlari berilgani muhim ahamiyat kasb etayotir.

2016-yilda nashriyot tomonidan 50 ga yaqin nomda adabiyot nashr etilgan. Yangi tahrirdagi “Yo‘l harakati qoidalari” kitobining o‘zbek va rus tillarida yuz ming nusxada nashr etilganining o‘ziyoq aholining yuridik adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyoji nechog‘lik katta ekanligini ko‘rsatadi. Shu davrda nashriyotda O‘zbekiston Respublikasining kodekslari, ularga sharhlar, boshqa huquqiy qo‘llanmalar ham nashrdan chiqarildi. Ularni targ‘ib etish maqsadida ko‘plab ko‘rgazma-yarmarkalar, sayyor kitob savdolari tashkil etildi. Yangi nashrlar haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida yoritib borildi.

Nashriyotning “Yuridik adabiyotlar” do‘koni zamonaviy talablarga javob beradigan maskanda ish boshladi. Unda nafaqat huquqiy, balki boshqa nashriyotlar tomonidan chop etilgan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, badiiy, tarixiy, ilmiy-ma’rifiy kitoblar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, turli mavzulardagi adabiyotlar mavjud.

Huquqshunos olimlar, mualliflar, noshirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitob chop etish va uni targ‘ib qilish, mutolaaga aholining keng qatlamlarini jalb etishga oid fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir doirasida “Adolat” nashriyoti tomonidan chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 268






Все о погоде - Pogoda.uz