O‘zA O`zbek

12.01.2019 09:15 Chop etish versiyasi

Huquqiy hujjatlarda belgilanayotgan vazifalarni aholi tushinishi kerak

Huquqiy hujjatlarda belgilanayotgan vazifalarni aholi tushinishi kerak

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining anʼanaviy “Adliya axboroti” brifingi va Prezidentimizning joriy yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida"gi farmoni yuzasidan uchrashuv tashkil etildi.

Brifingda 2019 yil yanvar oyining 11-sanasigacha boʻlgan davrda qabul qilingan huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Mamlakatimizda holining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan uygʻun ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish boʻyicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz bordi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlardagi belgilangan vazifalar, hayotga tatbiq etiladigan loyihalardan aholi toʻla xabardor boʻlishi kerak. Shundagina ular oʻz haq-huquqlarini taniydi. Ammo qabul qilinayotgan hujjatlarni oddiy aholi bir oʻqiganida yoki eshitganida tushunib olishi murakkab. Shu bois ham Adliya vazirligi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun muntazam muloqot tashkil etib boradi. Jamiyat va davlat miqyosida boʻlayotgan oʻzgarishlar esa ommaviy axborot vositalarida toʻla yoritiladi, tahlil etiladi.

Mazkur anjuman ham ayni maqsadda tashkil etildi.

Unda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish, huquqiy savodxonlik darajasini oshirishga toʻsqinlik qiluvchi muammo va kamchiliklar ochiq aytildi.

Huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar yuzasidan savol-javob tarzida oʻtgan anjumanda sud-huquq tizimidagi oʻzgarishlar, huquqiy madaniyat tushunchasi, ishga oluvchining endilikda propiska soʻramasligi, tilanchilik yuzasidan amaliyotga tatbiq etiladigan tizim, energetik ichimliklar reklamasi va savdosiga oid maʼlumotlar berildi.


Barno Meliqulova, Yoqubjon Meliboyev, OʻzA
1 972