O‘zA O`zbek

09.05.2018 15:56 Chop etish versiyasi

Huquqiy axborot kunlari an’anaga aylanadi

Buxoro viloyati Vobkent tumanida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qiladi” shiori ostida huquqiy axborot kunlari o‘tkazildi.

Fuqarolar dardu tashvishlari, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish, kishilar bilan hamnafas bo‘lish, qabul qilinayotgan qonunlarni xalqchil, ya’ni oddiy tilda tushuntirish maqsadi ko‘zlangan ushbu uch kunlik tadbir O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan vazirlik huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Adliya, prokuratura, Majburiy ijro byurosi, soliq, ichki ishlar va boshqa idoralar vakillaridan iborat 10 ishchi guruhi a’zolari dastlabki ikki kun davomida tumandagi 4 mingdan ziyod aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazdi. Muloqotlarda qonunlar, ularga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarning haq-huquqlari, bu huquqlardan foydalanishning qonuniy tartiblari haqida ma’lumotlar berildi.

– Fuqarolarga notariat, FHDYO, davlat xizmatlari, huquqbuzarlik profilaktikasi va boshqa masalalar bo‘yicha tayyorlangan 2 mingdan ortiq buklet va flayerlar, shuningdek, huquqiy ma’lumotlarni tezkor yetkazishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni targ‘ib qiluvchi “Telegram” messenjeridagi “Huquqiy axborot” kanali, boshqarmaning “Facebook”dagi sahifasi hamda “LexUz” sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar to‘g‘risidagi mingdan ortiq targ‘ibot materiallari, mahalla va ta’lim muassasalarining barchasiga elektron qonun hujjatlari to‘plamidan iborat “SD” huquqiy axborot disklari tarqatildi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Rahmatov. – Bular aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda davlat xizmatlari ko‘rsatishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan tamoyil ustuvorligi namoyon bo‘ldi. Masalan, notarial idoralari notariuslari tomonidan fuqarolar xonadonlarida 34 sayyor notarial harakatlari qayd etildi. Davlat xizmatlari markazlari esa 174 sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatdi, FHDYO bo‘limi xodimlari esa 30 ga yaqin harakatlarni amalga oshirdi.

Fuqarolik, jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman sudlari tomonidan joylarda sayyor tartibda 17 sud majlislari o‘tkazilishi oshkoralik va tarbiyaviy nuqtai nazaridan ahamiyatga ega.

Advokatlar demokratik tamoyilga amal qilib, bevosita mahallada fuqarolarga ularning muammoli masalalari yuzasidan tegishli sudlarga 24 da’vo arizasi tayyorlab berish barobarida 200 dan ortiq fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga bepul huquqiy yordam va maslahatlar ko‘rsatdi.

Uchrashuvlar davomida Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirildi. Ushbu sohadagi muammolarni o‘rganish natijasida 9 nafar fuqaroga uy-joy hujjatlari tegishli idoralar tomonidan tayyorlab berilishida, 15 nafar fuqaroning hujjatlari kadastr organlariga topshirilishida amaliy ko‘maklashildi.

O‘tkazilgan muloqotlar davomida turli xil oilaviy-huquqiy masalalar va yechimini kutayotgan 200 dan ortiq muammolar aniqlanib, 100 ga yaqin masalalar joyida bartaraf etildi.

Uchrashuvlar davomida 12 nafar fuqaroning uzoq yillardan buyon davolanish uchun imkoniyati yo‘qligi aniqlanib, ushbu bemorlarga imtiyozli ravishda davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. 2 nafar muhtoj fuqaro nogironlik aravachasiga ega bo‘ldi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini va o‘quv muassasalarida o‘tkazilgan ochiq darslarda huquqshunoslik bo‘yicha intellektual o‘yinlar tashkil etildi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat adliya boshqarmasi, Vobkent tumani hokimligi, tuman prokuraturasi hamda mudofaa bo‘limi vakillari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga esdalik sovg‘alari bilan borib, ularning holidan xabar oldi.

Tadbirning uchinchi kunida “Porloq kelajak” oromgohida “Adliya sayli” o‘tkazildi. Unda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

Ta’kidlandiki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” g‘oyasi jamiyat hayotida o‘z ifodasini topib, xalq qonuniy manfaatlarini ta’minlashning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.

Saylda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar, soliq, bojxona boshqarmalari, harbiy qismlar, bank idoralari tomonidan huquqiy axborot burchaklari tashkil qilindi.

“Adliya sayli” doirasida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 103 kishiga ishga yo‘llanma berildi. Shuningdek, saylda tegishli banklar tomonidan 28 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratilib, ularning sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida madaniy tadbirlar, folklor jamoalari, harbiy xizmatchilar, sportchi yoshlarning chiqishlari namoyish qilindi.

Tashabbus tufayli boshlangan xayrli ish an’anaga aylanadi. huquqiy axborot kunlarini viloyatning boshqa hududlarida ham o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Erkin Yodgorov,O‘zA
4 312