Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.12.2017 20:57 Chop etish versiyasi

Huquqbuzarliklarning sabablari bartaraf etilmoqda

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Unda 2017-yil 15-noyabrda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu boradagi mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasida Chilonzor tumanida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Joriy yilda yurtimizda fuqarolarning tinch va farovon hayot kechirishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, davlat organlari va keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar aniq belgilab berildi.

Davlat idoralari, ziyolilar, mahalla faollari va boshqa jamoatchilik tuzilmalarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini birlashtirish orqali ishlar ta’sirchanligini oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har haftaning payshanbasi huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni etib belgilandi. Bu amaliyot joylarda o‘z samarasini bermoqda.

Ayniqsa, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq qilinmoqda. Jumladan, Toshkentda “xavfsiz shahar”, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida “xavfsiz turizm”, Parkent tumanida “xavfsiz dam olish” konseptual loyihalari joriy etilayotgani shular jumlasidan.

Yig‘ilishda tumandagi savdo-sotiq, madaniy hordiq chiqarish va boshqa jamoat joylari, ta’lim muassasalarida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida ko‘plab og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etishga erishilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlashning asosiy shartlaridan ekani aytib o‘tildi.

– Huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi, – dedi Chilonzor tumani hokimi Davron Hidoyatov. – Asosiy masala huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir. Davlatimiz rahbari tomonidan har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tumanlarda jinoyatchilikning oldini olish borasida alohida chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani va ijroga qaratilgani o‘z ijobiy natijasini bermoqda.

Tadbirda yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari va ichki ishlar idoralarining hamkorligini mustahkamlash, mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu maqsadda tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘quvchi-talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, ayollar tomonidan jinoyat sodir etish holatlariga barham berish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni atroflicha o‘rganish, aniqlangan muammolarni joyida hal etish, bu jarayonda sektor rahbarlari, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda jamoatchilik mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda huquq-tartibot organlari xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kamchiliklar hali ko‘pligi, ularni bartaraf etish va sohadagi ahvolni o‘nglash, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlarning qat’iy ijrosini ta’minlashda davlat idoralari, mahalla faollari va jamoatchilik tuzilmalarining hamjihatligini yanada mustahkamlash zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Abdujalol Taypatov, O‘zA
2 107