Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.12.2017 15:04 Chop etish versiyasi

Huquqbuzarliklarning oldini olishga barcha birdek mas’ul

Toshkent mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejining birinchi bosqich o‘quvchisi F.K. komputer texnikasiga juda qiziqadi. Dasturlash borasida ham yaxshigina bilimga ega.

Boladagi qiziqishni, qobiliyatni to‘g‘ri shakllantirish, uni har tomonlama nazorat qilib borish, avvalo, ota-onalarning mas’uliyatli vazifasidir. Farhodga ham ota-onasi, mahalladagilar vaqtida e’tibor berib, nima bilan shug‘ullanayotgani, kimlar bilan oshno bo‘lib ulg‘ayayotganini nazorat qilganida, bugun bu bola sud zalida boshini egib o‘tirmagan bo‘larmidi?

Toshkent mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kollejida profilaktika kuni munosabati bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sudda F.K. singari J.K., Ye.K. hamda voyaga yetmagan T.R., I.J.ning jinoiy ishlari ko‘rildi.

Joriy yilning 30-iyul kechasida J.K. F.K. va T.R.ni jinoiy ishga jalb qilib, Mirzo Ulug‘bek tumani Xirmontepa ko‘chasi 54-uy oldida turgan "Matiz" rusumli avtomashinadan 200 ming so‘m va 270 AQSh dollarini o‘g‘irlaydi. Mashinada turgan hujjatlarni ham olib, ularni yo‘q qiladi.

O‘g‘irlik qilib, mehnat qilmay oson foyda olish, pul topishga o‘rgangan, shu yo‘lni afzal ko‘rgan F.K sheriklari Ye.K. va I.J.ni ham o‘g‘irlikka jalb qiladi. Avvaliga yana bir mashinaga, keyinchalik esa xonadonga o‘g‘irlikka tushadi. Jinoyatchilar navbatdagi avtomashinadan narsalarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Sayyor sud majlisiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yashnobod tuman ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektorlar, vasiylik va homiylik organlari vakillari, mahalla faollari va yoshlar taklif etildi. Ularga jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yoshlarning hayoti, buning oqibatlari haqida batafsil tushuntirib berildi.

Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarning ko‘pchiligi bo‘sh vaqtini ko‘chada o‘tkazadi. Qarovsiz qolgan yoshlar esa natijada jinoiy ishga qo‘l uradi. Bunday hollarda esa asosan ota-onalarning mas’uliyatsizligi sabab bo‘lmoqda.

– Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish barchamizning vazifamizdir, – deydi Toshkent mexmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji direktorining o‘rinbosari Gulnora Siddiqova. – Tarbiyasi og‘ir o‘smirni axloqan tuzatish va tarbiyalash uning jinoyatchiga aylanishining oldini oladi. Kollejimizda tahsil olayotgan sakkiz yuzga yaqin o‘quvchi orasidan 35 nafar tarbiyasi og‘ir, darslarga yaxshi qatnamaydigan o‘quvchilarning ro‘yxati shakllantirilgan. Psixolog bilan hamkorlikda ular bilan alohida ish olib borilib, to‘garaklarga jalb etilmoqda. Biroq, ming afsuski, bugungi sudda ikki nafar o‘quvchimizning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. Bu bizni yanada sergak bo‘lishga, o‘quvchilarning oilaviy sharoiti, ota-onasi bilan yaqindan tanishib, ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga undaydi.

Sayyor sud ishida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari eshitildi. Sudda hozir bo‘lmagan guvohlarning ko‘rsatmalari esa o‘qib eshittirildi. To‘plangan dalillar yana bir bor ko‘zdan kechirilib, sudlanuvchilarning himoya va oxirgi so‘zlari tinglanib, hukm e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sudlanuvchi J.K. va Ye.K.ga ish haqining 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. F.K.ga 3 oy, T.R.ga 1 yil, I.J.ga 9 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sayyor sudda yuqoridagi holatlarda ota-onalarning rolini oshirish bilan birga yoshlarning huquqiy madaniyatini va huquqiy qarashlarini yuksaltirishga hamda qonunga itoatkorlik hulqini shakllantirishga qaratilgan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
5 449