O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Huquqbuzarlar 15 sutkaga qamaldi

Huquqbuzarlar 15 sutkaga qamaldi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanida yoʻl patrul xizmati inspektorlari bilan fuqarolar oʻrtasida janjalli holat aks etgan video tarqaldi. Aslida nima boʻlgan edi?

30-iyun kuni soat taxminan 12:30 larda Oqqoʻrgʻon tumanida xizmat olib borayotgan yoʻl patrul xizmati inspektorlari tekshirish uchun “Spark” rusumli (davlat raqam belgisi N 015 QA) transport vositasini toʻxtatadi. Inspektor haydovchi X.Joʻrayevning hujjatlarini tekshirish vaqtida undan spirtli ichimlik hidi kelayotgani sabab tibbiy koʻrikdan oʻtishga taklif qiladi.

Shu vaqt avtomobil salonida boʻlgan uch yoʻlovchi mashinadan tushib YPX inspektoriga faol qarshilik koʻrsata boshlaydi. Yoʻlovchilardan biri inspektorning pagoni va bodi kamerasini yulib oladi.

Shundan soʻng ushbu fuqarolar tuman ichki ishlar boʻlimiga olib borildi. Yuzaga kelgan holatga oydinlik kiritilib, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va toʻplangan hujjatlar tuman maʼmuriy ishlar boʻyicha sudiga chiqarildi.

Sud jarayonida voqea tafsilotlari atroflicha koʻrib chiqildi. Yakuniy qaror chiqarishdan oldin dalillar birma-bir koʻrilib, tahlil etildi va sud hukmi eʼlon qilindi. Haydovchi X.Joʻrayevga jarima, uning yoʻlovchilari Sh.Asrayev, I.Ahmedov va B.Ahmedovga esa 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Toshkent viloyati IIBB YHXB
Axborot xizmati

1 901
O'zA