Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 14:43 Chop etish versiyasi

Huquq-tartibotda zamonaviy texnologiyalar

Poytaxtimizda huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini yanada oshirishda zamonaviy texnologiyalar roliga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida zamonaviy elektron tizimlar va ma’lumotlar bazasining imkoniyatlari va ulardan foydalanish tajribasi taqdim etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari, yurtimizning barcha hududlaridan huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha nozirlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Ma’lumki, ko‘pchilik huquqbuzarliklar axloqiy me’yorlarning buzilishi oqibatida sodir etiladi. Shunday ekan, bugungi kunda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlarini muntazam o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Olmazor tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktam Rahmatovning aytishicha, bu borada aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etishda faol qatnashadigan huquqbuzarliklarning oldini olish nozirlari faoliyati alohida ahamiyatga ega. Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini zamonaviy talablarga muvofiq tarzda yanada takomillashtirish maqsadida 2014-yil 14-mayda O‘zbekiston Respublikasining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Unda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini tashkil etishda yagona yondashuvni belgilaydigan me’yorlar va bu yo‘nalishda ishlaydigan tuzilmalarning hamkorligiga oid huquqiy mexanizmlar belgilab berilgan.

Seminarda huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga joriy qilish va ulardan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ayni paytda poytaxtimiz militsiya tayanch punktlarini birlashtiradigan yagona elektron tarmoq yaratilgan. Ushbu dasturiy ta’minot sanoqli soniyalar ichida zarur ma’lumotga ega bo‘lish, yonida ma’lum bir hujjati bo‘lmagan kishilarning shaxsini tezkor aniqlash imkonini beradi. Axborotlar bazasi muntazam ravishda vazirlik va idoralardan qabul qilinadigan yangi ma’lumotlar bilan boyitib boriladi.

Tadbirda yurtimizning barcha viloyatlaridan kelgan huquqbuzarliklarning oldini olish nozirlari poytaxtlik hamkasblari bilan tajriba almashdi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
505






Все о погоде - Pogoda.uz