Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.07.2018 20:32 Chop etish versiyasi

Hunarmandlikdan turmushini farovon qilayotganlar

Hunarmandlikdan turmushini farovon qilayotganlar Hunarmandlik xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish, aholifarovonligini oshirish, yoshlar, xotin-qizlar va kam ta’minlangan oilalarbandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Chunonchi, “Hunarmand” uyushmasi va uning joylarda bo‘limlari tashkil etildi. Bir paytlar usta va hunarmandlar o‘zlari yaratgan buyumlarni sotish, namoyish etishda turli to‘siqlarga uchragan bo‘lsa, bugun har bir tuman va shaharda hunarmandlar markazi faoliyat yuritmoqda, bozor va savdo majmualarida maxsus rastalar ishlab turibdi.

Qashqadaryo viloyatida ham keyingi ikki yilda uyushma a’zolari soni 442 tadan 1 ming 200 taga yetdi.

2.jpg

Yakkabog‘lik tadbirkor Murod Qodirov qo‘li gul usta hunarmandlardan. U yasagan beshik va sandiqlarda milliylik ustuvor bo‘lgani uchun bozori xaridorgir. Mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlardan foydalanib usta o‘z faoliyatini tadbirkorlikka aylantirdi.

– Keyingi paytlarda hunarmandlarga ko‘plab qulaylik va imtiyozlar yaratib berilmoqda, – deydi hunarmand Murod Qodirov. – Ilgari oddiy usta edim. Soliqlar yuqoriligi sababli savdo do‘koni ocholmas edik. Mahsulotimizni sotishda ham muammolar bo‘lardi. Bugun hunarmandlarga keng imkoniyatlar yaratildi. Savdo do‘koni ochdik. Turmush o‘rtog‘im ham hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi, milliy liboslar tikadi. Qisqasi, oilaviy hunarmandmiz. Shuning ortidan dasturxonimiz to‘kin, turmushimiz farovon.

Ustaning ta’kidlashicha, beshik yasashda tol, tut, qayrag‘och kabi mustahkamligi yuqori bo‘lgan daraxtlar yog‘ochi juda qo‘l keladi. Beshikka totuvlik, serfarzandlik, baxt timsoli sifatida qaraladi. Xususan, xalqimizda farzand dunyoga kelishi bilan beshik to‘yi o‘tkazish odati bor. Keksa onaxonlar nikoh to‘ylarida qo‘llarini duoga ochib, kelgusi yil beshik to‘ylarini ko‘rish nasib etsin, deb yuziga fotiha tortadi.

Hunarmand ustaning maqsadlari katta. Kelajakda ustaxona va savdo do‘konini alohida qilib, faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun sharoit ham, imkoniyat ham yetarli.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA
1 136