O‘zA O`zbek

18.05.2018 11:12 Chop etish versiyasi

Hunarmandlik mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi

Hunarmandlik mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi Yoshlar ijodiyoti saroyida O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan hunarmandlik mahsulotlarining “Oltinqo‘l hunarmand” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat va Tashqi ishlar vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligi xodimlari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, usta-hunarmandlar, xorijiy davlatlardan kelgan hunarmandlar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi. 

3.JPG

– Ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro ko‘rgazmada respublikamizdagi barcha viloyatlardan 140 dan ortiq hunarmand 34 yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyon etmoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasi raisi o‘rinbosari Akobir Hakimov. – Ko‘rgazma doirasida mohir usta-hunarmandlar tomonidan hunarmandchilik va amaliy san’atning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat saboqlari ham tashkil etiladi. Unda turli hududlardan kelgan hunarmandlar ish jarayoni bilan bevosita tanishishi mumkin. Bu kabi ko‘rgazmalar yurtimiz hunarmandligi rivoji va uni dunyoga tanitish uchun katta ahamiyatga ega. 

6.JPG

O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida xalq amaliy san’ati va hunarmandlikning eng qadimiy turlari, an’analari, o‘ziga xos uslublari va maktablari saqlanib qolganmamlakat sifatida alohida o‘ringa ega. Olib borilayotgan islohotlar hunarmandlik sohasidarivojlanish, taraqqiyot yo‘lidan borish imkoniyatini yaratib berdi. Hunarmandlarning erkin faoliyat olib borishi uchun ko‘plab imtiyozlar berildi. “Hunarmand” uyushmasi a’zolari soliqlardan ozod etildi. 3015 ta manzilli dastur asosida ularga imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Farmon qabul qilingandan so‘ng o‘tgan besh oy davomida uyushma a’zolari soni 120 foiz o‘sib, 22050 nafarga yetdi. 4520 nafar hunarmandga 126 milliard 595 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar berildi. 

9.JPG

Uyushma tomonidan hunarmandlik mahsulotlarini chetga eksport qilish va hunarmandlar faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda dunyoning 20 dan ortiq davlatida, jumladan, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Italiya, Koreya, Malayziya, Ozarbayjon, Latviya, Finlyandiya, Hindiston, Fransiya, Gretsiya, Turkmaniston, Eron, AQSH, Ukraina, Turkiya, Xitoyda 113 ta ko‘rgazma va yarmarka o‘tkazilishi rejalashtirildi va o‘tkazilmoqda. 

15.JPG

– Yoshligimdan hunarmandchilikka qiziqishim bo‘lakcha, bu qiziqish bora-bora hayotiy hamrohimga aylandi, – deydi Buxoro viloyatidan kelgan kandakor usta Nodirbek To‘rayev. – O‘n yildan oshiq vaqtdan beri oilaviy kandakorlik bilan shug‘ullanamiz. Xalqaro ko‘rgazmalarda ko‘p bora qatnashganmiz. Yaqinda Italiyada xalqaro ko‘rgazmada ham qatnashdik va sertifikat bilan taqdirlandik.

28.JPG

Inobat Ahatova, Temur Mamadaminov (surat) O‘zA
5 816