O‘zA O`zbek

12.07.2019 11:30 Chop etish versiyasi

Hunarmandchilik madaniy merosni saqlab qolishga xizmat qiladimi?

Hunarmandchilik madaniy merosni saqlab qolishga xizmat qiladimi?

Qashqadaryo viloyati an’anaviy hunarmandchiligini saqlash va rivojlantirish, kulolchilik, kashtado‘zlik, gilamchilik masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbirda hunarmandlar bilan uchrashuvlar, treninglar tashkil etildi.

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi hamda Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan anjuman doirasida “Qashqadaryoning g‘arbiy hududlarida suvli kulolchilik, kashtachilik va gilamdo‘zlik an’analari” nomli ko‘rgazma ochildi.

photo5278645739318258519.jpg

Tadbir folklor jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan boshlandi. So‘zga chiqqanlar yurtimizda milliy hunarmandchilik, qadriyat darajasiga ko‘tarilgan xalq amaliy san’atini qayta tiklash borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani, buning uchun hunarmandlarga bir qator qulayliklar yaratilayotganligini ta’kidladi.

– Qashqadaryo hunarmandchilik ishlari jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega ekani bilan ahamiyatlidir, – deydi YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fuad Pashaev. – YuNESKO tomonidan hunarmandchilikning kulolchilik, kashtachilik, gilamchilik sohalarini rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani aholi bandligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, an’anaviy hunarmandchilik madaniy merosini saqlab qolishga xizmat qiladi.

photo5278695573823794144.jpg

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida hunarmandlarga qator qulaylik va imkoniyatlar yaratildi. Ular daromad solig‘idan ozod qilindi. Imtiyozli foizlarda kreditlar ajratilmoqda. Buning natijasida viloyatda 2017 yil noyabr oyiga qadar 475 nafar hunarmand faoliyat yuritgan bo‘lsa, ularning soni ayni paytda 2 mingdan oshdi.

– Qashqadaryoning hunarmandchiligi o‘ziga xosligi bilan boshqa hududlardan ajralib turadi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, professor Akbar Hakimov. – Masalan, bu hududda azaldan gilamchilik, kashtachilik, kulolchilik rivojlanib kelgan. Bugungi kunda ham bu hunarlarni avloddan-avlodga meros qoldirib, davom ettirib kelayotgan hunarmandlar talaygina. Masalan, kasbilik kulollar mahoratini, Shahrisabz kashtachiligini, Muborak gilamchiligini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Ular bugun ham o‘z hunarini ardoqlab kelmoqda. Ularga e’tibor va qo‘llab-quvvatlash zarur. Shu ma’noda viloyatda katta anjuman tashkil etildi. Mana, bugun hunarmandlar ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tishim kerakki, bugungi ko‘rgazmaga qatnashayotgan hunarmandlar Qo‘qon shahrida o‘tkaziladigan hunarmandlar xalqaro festivalida qatnashish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA
469