O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Hunarmand ayol mahalladoshlariga ish oʻrni yaratmoqchi

Hunarmand ayol mahalladoshlariga ish oʻrni yaratmoqchi
Qaror va ijro

Keyingi yillarda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish, bu orqali band boʻlmagan aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oila vakillarini hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning bandligini taʼminlash borasidagi ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Bu borada Toshkent viloyatida ham hozirgi karantin qoidalariga amal qilgan holda ish yuritilmoqda. Xususan, Oqqoʻrgʻon tumanida yashovchi Gulshoda Yoʻldosheva hunarmandchilikning nozik sohasi –zargarlikni tanlagan. Yosh boʻlishiga qaramay, shu kasb orqali elda eʼtibor topdi. Uning oddiy metallardan tayyorlagan buyumlari bugun nafaqat yurtimiz, balki xorij davlatlarida ham xaridorgir hisoblanadi.

Qahramonimiz yoshligidan ushbu hunarga qiziqar edi. Shu bois toʻrt yildirki, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritib keladi. Xalqimizning boy madaniy-maʼnaviy merosini, koʻp qirrali oʻzbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targʻib qilishda oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Yosh hunarmand izlanuvchanligi sababli koʻplab muvaffaqiyatlarga erishdi. Aslida bu ish juda murakkab va koʻp mehnat talab qiladi. Tayyorlangan zargarlik namunalarining bejirimligi, milliy anʼanalarni oʻzida aks ettirgani tufayli koʻpchilikka maʼqul boʻlmoqda.

Zargar ayolga ikki yil muqaddam “Hunarmand” uyushmasi tomonidan imtiyozli kredit olish sertifikati berildi. Oʻtgan yili esa “Tashabbus” koʻrik-tanlovining tuman bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi boʻyicha II darajali diplom bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan uyushtirilgan “Yosh tadbirkorlar” II forumida sertifikat olib, qirgʻizistonlik tadbirkor ayol bilan buyumlarini sotish yuzasidan shartnoma imzoladi.

– Pandemiya sababli ishimiz biroz sustlashib qolgan boʻlsa ham karantin qoidalari asosida mahsulotlarni tayyorlayapmiz, – deydi Gulshoda Yoʻldosheva. – Hozirgacha tayyorlayotgan buyumlarimni Rossiya, Xitoy va Qirgʻizistonga eksport qilmoqdaman. Endi Tojikiston va boshqa davlatlarga ham joʻnatish yuzasidan kelishuvlar boʻyicha ishlayapman. Taqinchoqlar asosan mis va melxior kabi metallar, tabiiy shifobaxsh toshlar, xususan, feruza, haqiq, yashna, kahalan va granat kabilardan yasalayotganligi bois ularga boʻlgan qiziqish katta.

Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, aholini tadbirkorlik faoliyatiga yana-da keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida bir qator qulaylik va imtiyozlar belgilandi.

Ayni kunlarda hunarmand bankdan 30 million soʻm kredit olish taraddudida yuribdi. Olingan mablagʻga yana toʻrtta ish oʻrni yaratish, jami ish oʻrinlari sonini 8 taga yetkazishni rejalashtirgan. Shu orqali mahallasidagi xotin-qizlarga milliy taqinchoqlar yasash sirlarini oʻrgatishni maqsad qilgan.

1 762
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA