O‘zA O`zbek

12.07.2018 15:48 Chop etish versiyasi

Hujjatlar kunduzgi, maxsus sirtqi va sirtqi bo‘limlarga qabul qilinmoqda

Hujjatlar kunduzgi, maxsus sirtqi va sirtqi bo‘limlarga qabul qilinmoqda
Termiz davlat universitetida 2018/2019 o‘quv yili uchun 33 bakalavriat yo‘nalishiga kunduzgi, 7 yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi va 7 yo‘nalishga sirtqi ta’lim shaklida abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda.

Yangi o‘quv yili uchun test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan 2 ming 952 nafar o‘g‘il-qiz talabalikka qabul qilinadi. Ularning 515 nafari davlat granti asosida ta’lim olish baxtiga muyassar bo‘ladi.

Oltita binoda tashkil etilgan qabulni sifatli o‘tkazish uchun 200 dan ortiq malakali va qabul jarayonida ilgari ham ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, o‘quv yordamchi xodimlar jalb etilgan. Abituriyentlar va ota-onalarning qabul jarayoni haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi, dam olishi, ovqatlanishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Imtiyozga ega abituriyentlarni o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan. Abituriyent va ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi uchun viloyat televideniyesi, universitetning “Termiz universiteti” gazetasi, universitet veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qabul jarayoniga oid ma’lumotlar uzluksiz yangilab borilmoqda. Ular axborot-maslahat markazida ham barcha savollarga aniq javob olishi mumkin. Shuningdek, qabul jarayoni va test sinovlariga oid ma’lumotlar universitet hududida o‘rnatilgan pannolarda ham o‘z aksini topgan.

– Viloyatda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilib, 2018/2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasamizda qator yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi universitet rektori A.Toshqulov. – Pedagogika va psixologiya, maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha magistr kadrlar tayyorlanishi nafaqat universitet, balki viloyatda tashkil etilgan boshqa oliy ta’lim muassasalarida ushbu yo‘nalishlarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga xizmat qiladi. Joriy o‘quv yilidan boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish hamda matematika ta’lim yo‘nalishlarida rus guruhlarda bakalavr tayyorlash ana shu sohalarni oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasiga 20 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirgan. Ularning 114 nafari harbiy imtiyozga ega bo‘lgan yigitlardir.

Ayni paytda tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, jismoniy madaniyat, tojik tili, arxitektura hamda musiqa ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy imtihonlarni belgilangan nizom talablari asosida o‘tkazish yuzasidan tegishli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Abituriyentlardan kunduzgi bo‘limga hujjat qabul qilish 15 iyulda yakunlanadi. Sirtqi bo‘limlar uchun qabul 31 iyulgacha davom etadi. Shunga muvofiq yaqinda tashkil etilgan sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hujjat topshirish qizg‘in pallaga kirdi. Ular ham test sinovlari orqali talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi.

– Oliy ma’lumotli pedagog bo‘lishni orzu qilardim, – deydi Sho‘rchi tumanidagi 20-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Sayyora Bozorova. – Hozir kollejni tamomlab, o‘n yildan buyon kutubxonachi bo‘lib ishlamoqdaman. Oliy ta’lim olish uchun kunduzgi bo‘limda o‘qishga sharoitim to‘g‘ri kelmayotgan edi. Bu yil sirtqi bo‘lim tashkil etilib, orzuimizni ruyobga chiqarish uchun katta imkoniyat yaratildi. Bu yangilikni eshitishim bilanoq tegishli hujjatlarni to‘plab, o‘zim qiziqqan tarix yo‘nalishiga topshirdim. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilda tashkil etilgan Termiz davlat universitetining Denov filialida ham yangi o‘quv yili uchun 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kunduzgi va 2 ta yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi ta’lim shakliga 590 talaba qabul qilinadi. Shu kungacha mazkur filialga 6 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirdi. 

Viloyatdagi yirik oliy ta’lim muassasalarida 1-15 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan test sinovlariga ham puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
31 948