Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 19:12 Chop etish versiyasi

Hujjatda kam, konteynerda ko‘p

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining erkin faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ammo shunga qaramay, ichki bozorga olib kirilayotgan tovar-moddiy boyliklarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish chog‘ida bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash maqsadida amaldagi tartiblarga xilof harakatlar kuzatilmoqda.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, “Olot” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan xorijiy fuqaro S.Mexmet boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rikdan o‘tkazildi va bojxona qoidabuzarligi fosh bo‘ldi.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Perfect Leather Manufacture” mas’uliyati cheklangan jamiyati nomiga keltirilayotgan yuklar aslida qiymati 27 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 21 tonnadan ortiq tovarlar bo‘lishi lozim edi. Ammo bojxona ko‘rigi natijasida konteynerdagi tovarlar bilan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma’lumotlar o‘rtasida tafovut mavjudligi aniqlandi. Sodda qilib aytganda, mazkur tovarlar hujjatlardagidan ortiqcha miqdorda ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan ayollar kosmetik mahsulotlarining umumiy qiymati 140 million so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil qildi. Ulardan davlat byudjetiga bojxona to‘lovlari to‘lanishi kerak edi.

Hozir ushbu tovarlar vaqtincha saqlovga olib quyildi va mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari hamda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona ko‘rigi davomida 73 holatda yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 5 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar olib kirilayotgani aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiya qilmaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash, ya’ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo‘lgan belgilangan yozma, og‘zaki yoki boshqa shakldagi ma’lumotlarni taqdim qilmaslik yoxud noto‘g‘ri ma’lumotlar berish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Davron Sunnatov, O‘zA
863






Все о погоде - Pogoda.uz