O‘zA O`zbek

02.07.2018 21:22 Chop etish versiyasi

Hujjat qabul qilish davom etmoqda

Hujjat qabul qilish davom etmoqda
Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlanib, test sinovlarini har tomonlama puxta o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Andijon davlat universitetida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.

– Ayni kunga qadar universitetda mavjud 30 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 6 ming nafardan ziyod abiturentdan belgilangan tartibda ariza va hujjatlar qabul qilindi, – deydi Andijon davlat universiteti qabul komissiyasi mas’ul kotibi A.Mamatyusupov. – Hujjatlar universitetning asosiy binosi va xorijiy tillar fakulteti binosida qabul qilinmoqda. Joriy yilda birinchi marta abituriyentlardan hujjatlar qabul qilingach, ma’lumot onlayn tarzda veb-saytga joylashtirilmoqda.

Universitetning kirish qismi va boshqa belgilangan joylarda qaysi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qayerda hujjat qabul qilinayotgani haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan maxsus stendlar o‘rnatilgan. Qabul ishlari tezkor va samarali bo‘lishi uchun zarur jihozlar, kompyuter vositalari ajratilgan. Har bir binoda bir vaqtning o‘zida 100 nafar abituriyent bilan suhbatlashish va hujjat qabul qilish imkoni yaratilgan.

5.JPG

Qabul komissiyasiga muayyan malaka va tajribaga ega mutaxassislar jalb etilgan. Hujjat topshirishdan oldin abituriyentlarga hujjatni nazoratdan o‘tkazuvchi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashuvchi, zarur tavsiya va maslahatlar beruvchi axborot-maslahat markazi xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, havoning issiqligi hisobga olinib, hujjat qabul qilinayotgan binoda salqin ichimliklar savdosi, tibbiyot xodimlari navbatchiligi, ota-onalar uchun kutish maydonchalari, dam olish xonalari tashkil etildi.

– Musiqiy ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirdim, – deydi abituriyent S.Soyibjonov. – Hujjat topshirishda hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi. Yaratilgan sharoitlardan, ayniqsa, men bilan kelgan onam juda xursand bo‘ldi.

7.JPG

Joriy yilda Andijon davlat universitetining bakalavr yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentlarning 1870 nafari talabalikka qabul qilinadi.

Test sinovlari jarayonining ochiq va xolis o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida tanlangan binolarga shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videosifikatsiya qurilmalari, video kamera va ota-onalarning kutish joylariga monitorlar o‘rnatish belgilandi. Umuman, test sinovlarini ochiq va oshkora o‘tkazish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

F.Ubaydullayev, O‘zA 

Z.Umurzoqov olgan suratlar
9 806