O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Hududlarga zamonaviy burg‘ulash texnikalari yetkazildi

Hududlarga zamonaviy burg‘ulash texnikalari yetkazildi

3 metrgacha bo‘lgan chuqurlash ishlarini bajara oladigan BM 205D rusumli ushbu zamonaviy mashinalar bir necha vazifani amalga oshirish quvvatiga ega. Ularni burg‘ulash, aloqa va elektr uzatish tarmoqlari uchun tayanchlarini o‘rnatish, yuqori va past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini ta’mirlashda foydalanish mumkin. Qolaversa, kichik qurilish ob’ektlarini rejalashtirish, chuqurlarni to‘ldirish hamda quyma materiallarni kichik masofalarga tashishda ham qo‘l keladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” jamiyatining matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, o‘tgan yili 40 ta maxsus burg‘ulovchi BM-205D rusumli zamonaviy burg‘ulash, yuk ko‘tarish va tashishga mo‘ljallangan yangi texnikalar xarid qilinib hududlarga yetkazib berilgan edi. Ushbu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, viloyatlarga 12 ta BM 205D rusumli zamonaviy burg‘ulash texnikasi yetkazib berildi.

Shu bilan birga, elektr uskuna va tarmoqlarni yangilashda zamonaviy texnologiyalar temir beton tayanchlarida o‘rnatilgan germetik transformatorlar, izolyatsiyalangan SIP simlardan foydalanilmoqda. Bu esa elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlarni, uzilishlar sonining keskin kamayishi, inson hayotiga xavf soluvchi omillarning oldi olinishi va mustahkamlikning oshishini ta’minlamoqda. Natijada, tarmoqqa noqonuniy ulanishlar oldi olinib, iste’molchilarni mustahkam va ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga erishilmoqda. Bunda xodimlarning elektr uskunalarda xavfsiz ish olib borishi uchun ham tegishli sharoitlar yaratilgan.

Qayd etish joizki, bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “2017 – 2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarni modernizatsiya va yangilash Dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” Davlat dasturlari asosida o‘z mablag‘lari va investitsiyalar hisobidan mamlakatimiz bo‘ylab rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

2 107
O‘zA