O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Hududlarda saylovoldi targ‘ibot aksiyalari davom etmoqda

Hududlarda saylovoldi targ‘ibot aksiyalari davom etmoqda

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi viloyat sog‘likni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda “Ayollar sog‘ligi – jamiyat boyligi” shiori ostida aksiya o‘tkazdi. Aksiya davomida Zomin tumanidagi Pishog‘or qishlog‘ida ayollar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tadbir avvalida partiyaning hududiy yetakchilari tomonidan tibbiyot xodimlari va ko‘rikka chaqirilganlarga partiya saylovoldi dasturi, uning maqsad-vazifalari haqida ma’lumotlar berildi.

Viloyat markazidan kelgan xirurg, akusher-ginekolog, terapevt, pediatr, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog, oftalmolog, urolog, ortoped-travmatolog, stomatolog kabi yo‘nalishlarning malakali mutaxassislaridan iborat shifokorlar guruhi xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

– Bu hududda bizning muassasamizdan tashqari yana ikkita qishloq vrachlik punkti bor, – deydi 15-sonli oilaviy poliklinika mudiri Safar Qarshiboev. – Ular 22 ming 500 nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qishloq vrachlik punktida ayrim soha mutaxassislari yetishmaydi. Shu sababli boshqa shifoxonalar va poliklinikalardan shifokorlarni chaqirganmiz. Ular belgilangan kunlarda bemorlarni qabul qiladi va kerakli tavsiyalarini beradi. Shu bois bugungi tibbiy ko‘rik hududimizdagi ayollarni to‘liq qamrab olgani bilan ahamiyatga ega bo‘ldi.

Tadbir davomida shifokorlar qishloqdagi kam ta’minlangan oilalarda ham bo‘lishdi.

– To‘rt nafar farzandim bor, – deydi hududda yashovchi fuqaro Shahlo Musirova. – Ikkinchi farzandimning nogironligi bor. Tibbiy ko‘rik davomida mutaxassis tavsiyasiga binoan “Sog‘lom avlod” xayriya jamg‘armasi viloyat filiali tomonidan tarqatilayotgan dorilardan oldik. Bu oilamizga oz bo‘lsada, moddiy yordam bo‘ladi.

Partiyaning saylov dasturida ijtimoiy sohani rivojlantirish, shu jumladan, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Partiyaning saylovoldi targ‘ibotida ham bu sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda.

1 127
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA