O‘zA O`zbek

11.08.2018 14:59 Chop etish versiyasi

Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish – diqqat markazida

Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish – diqqat markazida

2018-yil 11-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

3.JPG

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan majlisda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining a’zolari, Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika komissiyasi va mintaqaviy ishchi guruh rahbarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, jamoat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

13.JPG

Majlis kun tartibi doirasida joriy yilning yetti oyi davomida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va galdagi vazifalar, shuningdek “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat” tizimini amaliyotga joriy etish tartib-taomillari muhokama qilindi.

14.JPG

Respublikamizning barcha mintaqalaridagi davlat va jamoat tashkilotlari, mahalliy vakillik va o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbar hamda mutasaddilarini qamrab olgan mazkur tadbirning maqsadi Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yilning 27 iyul kuni jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati hamda bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlashdan iborat.

15.JPG

Tanqidiy ruhda o‘tgan ushbu tadbir har bir mutasaddini o‘ylantirishi va tashvishga solishi lozim bo‘lgan aniq faktlar tahlilidan boshlandi.

Qayd etilganidek, qisqa muddatda ichki ishlar idoralari tuzilmasi to‘liq yangilanib, tizimni takomillashtirishga oid 80 dan ortiq me’yoriy hujjat qabul qilindi. Ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, bevosita joylarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida Toshkent shahrida mavjud kuch va vositalar joylarga qayta taqsimlandi. Xususan, ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun xodimlarning 35 foizi devonlarda qoldirilib, 65 foizi esa aholiga yaqin, ya’ni mahallalarga berildi. Natijada 2017 yilda jinoyatlar soni 2016 yilga nisbatan 13720 taga yoki 16 foizga, joriy yil olti oyida esa 13599 taga yoki 39 foizga, jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar soni 38,3 foizga kamaydi.

Biroq, olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga va erishilgan muayyan natijalarga qaramay, mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatdagi o‘zgarishlar ko‘ngildagidek emasligi ta’kidlandi. Buning boisi jinoyatchilikning tub ildizini, eng asosiy sabablarini aniqlash o‘rniga ko‘proq uning oqibatlarini bartaraf etish ustida ish olib borilmoqda, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hanuzgacha eskicha ishlash uslubidan voz kechilmagan.

Ba’zi hududlarda jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi ayrim jinoyat turlarining soni oshib borayotgani, ayniqsa, tashvishli holdir. Jumladan, Andijon, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Jizzax viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qasddan odam o‘ldirish, Andijon, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida og‘ir tan jarohati yetkazish, Jizzaxda bosqinchilik, Namangan, Jizzax va Qoraqalpog‘iston Respublikasida transport vositasini olib qochish jinoyatlari ko‘paygan.

Qotillik jinoyati aksariyat hollarda oila-turmush va qo‘ni-qo‘shnichilik bilan bog‘liq muammolar oqibatida yuz bermoqda. Joriy yilning 7 oyida 277 ta qotillik jinoyatining 116 tasi yoki 42 foizi qarindoshlar, 25 tasi yoki 9 foizi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning 95 tasi yoki 34,2 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘il o‘rtasida sodir etilgani milliy an’analarimiz va oila qadriyatlariga mutlaqo ziddir. Ushbu yo‘nalishda hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borish uchun mas’ul rahbarlarning bunday ahvol yuzasidan tushuntirishlari eshitildi.

Shuningdek, majlisda mutasaddi idoralarning tezkor-qidiruv faoliyati, shaxslarni profilaktik hisobga olish, ular bilan ishlash borasida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar, profilaktika inspektorlarining hisobotini eshitish amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda

jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga nafaqat davlat idoralari, balki jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolar mas’uldir. Xususan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va uning tuzilmalari faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida mamlakatimiz mahallalarining qariyb 60 foizida jinoyat sodir etilgan. Olib borilayotgan ishlarda izchillik yetishmayotgani ko‘plab huqubuzarliklarning takror sodir etilishida namoyon bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish faoliyatini yanada takomillashtirish, barcha tegishli tuzilmalar rahbar va xodimlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qator aniq taklif va tavsiyalar berildi.

So‘zga chiqqanlar jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bugungi kunda har bir davlat va nodavlat idorasining zimmasiga yanada mas’uliyatli vazifalarni yuklashi, jumladan “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat” tizimini amaliyotga tatbiq qilish lozimligi e’tirof etildi. Xususan, ushbu tizim doirasida vakolatli davlat idoralari, mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqi tashkilotlari tomonidan jinoyatning tub sabablari va uni keltirib chiqargan barcha shart-sharoitlar o‘rganilib, jinoyat qayta sodir etilmasligi uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi, aybdor shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyillari asosida qat’iy choralar ko‘rilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, majlis ishtirokchilari “Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshirilishini deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish, ushbu Dastur ijrosi uchun mas’ul rahbarlarning hisobotlarini parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muntazam eshitib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida fikr yuritdilar.

Majlisda qizg‘in muhokamalar yakuni bo‘yicha Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinib, uning ijrosi qat’iy nazorat ostiga olinishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Axborot xizmati

O'zA
2 653