O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Hududlar ozodaligini taʼminlash uchun barcha choralar koʻrilmoqda

Hududlar ozodaligini taʼminlash uchun barcha choralar koʻrilmoqda

“Toza hudud” davlat unitar korxonasining hududlardagi filiallari tomonidan mavjud barcha maishiy chiqindi poligonlari, chiqindi yigʻish maydonchalari, avtoparklar, binolar, mahallalar va yoʻl boʻylari odatdagi kunlardan farqli ravishda har kuni tibbiy-sanitar qoidalariga muvofiq tarzda dezinfeksiya qilinmoqda.

Xususan, poytaxtimizning Mirobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Mironshoh” va “Rahnam” muqobil sanitar tozalash xususiy korxonalari tasarrufidagi chiqindi yigʻish maydonchalarida ham toʻliq dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrida bir kunda hosil boʻladigan 1 ming 800, 2 ming tonna chiqindi Toshkent viloyatidagi “Ohangaron” maishiy chiqindi poligoniga olib borib koʻmiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan Janubiy Koreyaning “Sejin industry Co. Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida anglashuv memorandumiga muvofiq, “Ohangaron” poligonida qattiq maishiy chiqindilarni koʻmish va rekultivatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Jarayonga 10 ta maxsus texnika jalb qilingan boʻlib, hozirgacha 5 gektardan ziyod hududga tuproq tortildi, shuningdek, buldozerlar yordamida tekislash ishlari olib borildi.

Taʼkidlash joizki, “Sejin industry Co. Ltd.” kompaniyasi va qoʻmita hamkorligida “Ohangaron” hamda “Maydontol” maishiy chiqindi poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning uchun 55 million dollar miqdoridagi investitsiya mablagʻlari jalb qilingan. Natijada Ohangaron va Parkent tumanlarida joylashgan maishiy chiqindi poligonlarida hosil boʻlayotgan chiqindi gazi atmosferaga tashlanishining oldi olinadi.

Maqsad – chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda xavfsizlik, atrof-muhit musaffoligini taʼminlash, aholi punktlarida turli xil yuqumli va infeksion kasalliklarning oldini olishdan iborat.

997
A.Musayev, OʻzA