O‘zA O`zbek

21.08.2018 11:16 Chop etish versiyasi

Hovli olma qo‘shni ol

Xalqimiz juda mehribon, kerak vaqtda bir-birining dardiga, quvonchiga sherik bo‘ladi. Ko‘cha-ko‘yda gaplashib qolishsa, “Uyga o‘ting, choy ichamiz”, deydi samimiyat bilan.

Ammo uyi, boshpanasi yo‘q inson nima qilsin? Hatto yaqinlarini ham uyiga taklif eta olmaydi.

So‘nggi yillarda ayni masalada turli qiyinchiliklarga uchrayotgan, uy-joyi yo‘qligidan qiynalayotgan yurtdoshlarimizning yelkasiga oftob tegdi. Yurtimizdagi islohotlar uy-joyga ehtiyoji borlarni boshpanali qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Yunusobod tumanida joylashgan uyimni sotgach, Sergeli tumaniga borish uchun taksiga o‘tirdim. Nima bo‘ldi bilmadim, pulni mashinada unutib qoldiribman, – deydi Nargiza Shomurodova. – Darhol tegishli organga murojaat qildim. Ammo shofyor topilmadi. Boshpana so‘rab mutasaddi tashkilotlarga bordim... So‘ng taqdirga tan berib, bolalarim bilan 14 yil davomida ijara uylarda, podyezdlarda, parklarda yashab yurdik. Yaxshi insonlar ko‘p, ammo ular ham o‘zidan orttirib, bizga uy olib bera olmasdi. Farzandlarimning maktabga borishida ham turli muammolar bo‘lgan. Shukrki, bu yilda murojaatimiz besamar ketmadi. Yunusobod tumanidan 2 xonali uy ajratishdi.

Aholining zamonaviy va arzon uylarga bo‘lgan ehtiyoji yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bu esa imtiyozli kredit berishning yuqori darajadagi shartlarini joriy etish, energiyani tejaydigan materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanishni yanada kengaytirishni talab etayotir. Shunday bo‘lyapti ham.

Ushbu muhim vazifalar hisobga olinib, aholining keng qatlamlari uchun zamonaviy va shinam uylardan foydalanish darajasini tubdan oshirishga, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga va qishloqlarda ham uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 18 iyuldagi “2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada izchil davom ettirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

– Tumanimizda metro va yangi turar joy binolari qurilayotgani ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi, – deydi Shahlo Abdusamatova. – Ayni vaqtda Sergeli katta qurilish maydoniga aylangan. Qisqa fursatlarda qurilib, foydalanishga topshirilayotgan uy-joylar, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari bizning turmushimiz farovonligi uchun, albatta.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yurtimiz yoshlariga ham imtiyozlar berilmoqda.

Yoqubjon Abdusattorov o‘qituvchilik kasbini tanladi. Oilali bo‘lgach, poytaxtda uy-joy borasida bir muddat turli qiyinchiliklarga uchradi. So‘ng ayoli va qizini ota-onasi yoniga, viloyatga yuborishga majbur bo‘ldi. Shunda unga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mutaxassislari yosh oilalar uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Kredit olishni taklif qilishdi. Bu taklif yosh oila va ularning ota-onasiga ham ma’qul bo‘ldi.

– Berilgan bu imkoniyat va imtiyozdan juda quvondim, – deydi Yo.Abdusattorov. – Endi oilam bilan birgaman. Sergeli tumanida yangi qurilayotgan uylardan 2 xonali uyga ega bo‘ldik. Farzandim ham yonimda. Uning unib-o‘sishi, el koriga yaraydigan farzand bo‘lib ulg‘ayishi uchun harakat qilaman.

Bundan tashqari, yanada obod bo‘layotgan poytaxtimizda ko‘plab umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishi davom etmoqda.

– Hovli olma qo‘shni ol, deganlaridek, ushbu uyni olayotganimizda qo‘shnilarimiz kim bo‘lishini bilmasdik, – deydi Kimyo Kamolova. – To‘g‘risi shundan xavotirda edim. Keyin bilsam, olimlar, pedagoglar ekan. Juda quvondim. Deyarli hamma bir-birini taniydi. Umumta’lim maktabi, bog‘chamiz yaqin. Shunday sharoitlarda farzandlarimizni tarbiyalash katta baxt.

Bu quvonchga to‘la taassurotlar ba’zi yurtdoshlarimizning hayotidan qisqa misollar, xolos. Yoshlarga, imkoniyati cheklanganlarga, yolg‘iz ayollarga, boshpanasiz yurganlarga moddiy va ma’naviy k

o‘mak berishni yanada kuchaytirish, ularga madadkor bo‘lish, barqaror daromad manbalarini shakllantirish, oilalar farovonligi, tinchligiga erishish, aholining uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yanada ulug‘vor va ulkan.

Barno Meliqulova, O‘zA
3 283