O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

Хorij ijodkorlari yana Oʻzbekistonda yigʻiladi

Хorij ijodkorlari yana Oʻzbekistonda yigʻiladi

Joriy yil 25-sentyabrdan 10-oktyabrga qadar oʻzbek va xorij ijodkorlari hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan rezidensiya dasturining navbatdagi uchrashuvlari oʻtkaziladi. Unda uzoq-yaqin mamlakatlardan 20 nafar shoir, rassom, yozuvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu “Ijodiy turizm” dasturi bir yilda toʻrt marta maxsus tashkillashtiriladi.

Uning tashabbuskori, yozuvchi va tarjimon Aʼzam Obidovning taʼkidlashicha, “Yozuvchi/rassom/madaniyat xodimi rezidensiyada” dasturi – UzLAB – Uzbekistanʼs Literature and Art Bridge – Oʻzbekistonni dunyo adabiyoti va sanʼati bilan bogʻlovchi mustaqil mitti koʻprikdir. U asosan oʻn kundan toʻrt haftagacha muddat ichida Oʻzbekistonning kamida uchta shahridagi adabiy, doʻstona, dilkash davralarda boʻlishni istovchi chet ellik yozuvchi, shoir, tarjimon, rassom, madaniyat xodimi uchun moʻljallangan.

Dastur 2018-yil oktyabr oyida loyiha-tajriba sifatida ochilgan va hozirgacha unda oʻndan ziyod xorijiy davlatdan 20 nafardan ortiq ijodkor ishtirok etdi. Xorijlik ijodkorlarning katta qiziqishi tufayli, yilning istalgan paytida 2-4 kishilik qoʻshimcha guruhlarni ham qabul qilish boshlandi, yaʼni, dastur bundan buyon yil boʻyi davom etaveradi.

“UzLAB” mustaqil tashabbus sifatida adabiy, madaniy almashuv, chet ellik mualliflar bilan muloqot va oʻzaro aloqaga ochilish, oʻzbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot oʻrnatishi uchun imkon berish va sharoit yaratish, kelgusida foydali dastur va loyihalar ustida birgalikda ishlash uchun adabiy, professional munosabatlarni yoʻlga qoʻyish, koʻrgazmalar qilish, chet tillari kurslari tashkil etish, adabiy tahrirlar qilish, kitoblar chop etish barobarida chet ellik ijodkor turistlarni Oʻzbekistonga jalb etishni nazarda tutadi, deydi Аʼzam Obidov. - Mazkur dastur kelgusida Oʻzbekiston oʻzining keng koʻlamli Xalqaro ijodiy dasturlarini, Xalqaro yozuvchilar va sheʼriyat festivallarini, Xalqaro ijod uylarini ochishiga turtki boʻlishni maqsad qiladi.

Eʼtiborli jihati, bu ijodiy tashabbus shartiga koʻra, dastur ishtirokchilari mehmonxonada emas, oʻzbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat xodimlarining uylarida ular bilan birga yashaydi va ijod qiladi.

“UzLAB “mushoira va badiiy oʻqish kechalari, qisqa muddatli chet tili kurslari va suhbat klublari, yozuvchi, shoir, rassom va talabalar bilan uchrashuvlar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylari, va albatta Oʻzbekistonning diqqatga sazovor, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlariga sayohatni oʻz ichiga oladi.

Oʻtgan dasturlar natijasi oʻlaroq, oʻzbek yozuvchilarining hikoyalar toʻplami, oʻzbek shoiralari toʻplami dasturda ishtirok etgan xorij ijodkorlar yordamida ingliz tilida kitob holida nashr etilmoqda. Oʻzbek shoirlari ijodidan namunalar esa ingliz, hind, ozarbayjon, qirgʻiz, bolgar tillariga tarjima qilindi. Bolgar tilida oʻzbek yozuvchilari hikoyalari birin-ketin onlayn adabiyot platformalarida nashr etila boshladi. Hind shoirasi Ranu Uniyalning oʻzbek tilidagi toʻplami Xorazmda, Alisher Navoiyning ingliz tiliga oʻgirilgan “Farhod va Shirin” dostoni hamda zamonaviy oʻzbek sheʼriyati antologiyasi Hindistonda bosilishi rejalashtirilgan. Bolgariyada Oʻzbekistonga bagʻishlangan alohida taqdimotlar qilindi, Ozarbayjon, Qirgʻizistonda 10 ga yaqin nashrlar oʻzbek adabiyoti va sanʼatiga oid maqolalar berdi. Dastur ishtirokchilari oʻz mamlakatlaridagi adabiy va madaniy doiralarni Oʻzbekistonga jalb qilishda, sayohatlarini uyushtirishda jonbozlik qilmoqda. Shu yil avgust oyida bir guruh oʻzbekistonlik ijodkorlar Bolgariyaning Plovdiv shahriga madaniy-adabiy almashuv dasturida ishtirok etib qaytdi. Dastur bunday ijodiy almashuvlarni tez-tez amalga oshirishni koʻzlaydi.

Dastur shaxsiy tashabbus boʻlib, maxsus moliya manbalari va homiylik mablagʻlarisiz, koʻngillilar guruhining faolligi sabab amalga oshirilmoqda. 27-sentyabr kuni Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida uning barcha ishtirokchilari bilan yaqindan tanishish imkoni mavjud.

photo_2019-09-22_14-10-06.jpg

photo_2019-09-22_14-10-09.jpg

4 393
O'zA