O‘zA O`zbek

09.08.2018 12:27 Chop etish versiyasi

Hokimlar investitsiya shartnomalarini mustaqil tuzish huquqiga ega

Hokimlar investitsiya shartnomalarini mustaqil tuzish huquqiga ega

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlar 10 mln. AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini mustaqil tuzish huquqi berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati xususidagi sharhimizni davom etamiz. 

Ilgari investitsion shartnomalar faqat hukumat darajasida tasdiqlanar edi. Mazkur Farmon bilan endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga 10 mln. AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan ekvivalentda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini mustaqil tuzish huquqi berildi. 

Joriy tartibga asosan, yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish muddati uch yildan o‘n yilgacha etib belgilangan. Shu bilan birga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga yer uchastkasini ijaraga berish Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilgan. Endilikda tuman hokimlari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga 50 yilgacha muddatga ijaraga berish haqida qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘ldi.

Doimiy egalik qilish huquqi auksion orqali sotiladigan bo‘ldi. Ya’ni mehmonxonalar, savdo obyektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualar, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim va tibbiyot tashkilotlari, yo‘l infratuzilmasi va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqini auksion orqali sotish amaliyoti joriy etildi.

Yer uchastkasini ijaraga berish tartibining yerdan doimiy foydalanish huquqidan afzal tomoni shundaki, investorga yer uchaskasi doimiy foydalanish uchun kerak bo‘lmasligi mumkin. Shunday hollarda u ijara muddati tugashi bilan kiritgan mol-mulkini o‘zi bilan olib chiqib ketishi mumkin bo‘ladi.

Soddalashgan jarayon

E’tiborlisi, Farmonda Adliya vazirligining qator tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdori 30 foizdan 15 foizgacha KAMAYTIRILDI;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonaning ishtirokchisi sifatida xorijiy jismoniy shaxs ham qatnashishiga imkon yaratildi;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondining eng kam miqdori 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha KAMAYTIRILDI;

chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori uch baravarga KAMAYTIRILDI (ilgari eng kam oylik ish haqining 32 va 16 baravari miqdorida edi);

aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining eng kam miqdori 400 million so‘m etib belgilandi (ilgari 1,6 mlrd so‘m edi).

Eksportga rag‘bat

Fermerlarga o‘z mahsuloti uchun mustaqil narx belgilashiga ruxsat berildi. Ilgari eksport kontraktlarini tuzayotganda “O‘zagroeksport” AJ tomonidan e’lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan narxlarda tuzishlari lozim edi. Endilikda e’lon qilingan narxlardan past bo‘lgan narxlar bo‘yicha ham shartnomalar tuzish mumkin.

Joriy amaliyot bo‘yicha, tadbirkorlik subyektlarining hisob-raqamiga valyuta tushumlari shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan 180 kundan ortiq kechiktirilmasligi lozim. Aks holda ularga nisbatan kechiktirilgan valyuta summasining 100 foizi miqdorigacha jarima solish ko‘zda tutilgan. Farmon bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, bu tartib BЕKOR QILINADI.

Viza imtiyozlari

Mamlakatimizga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga KO‘P MARTALIK UCH YILLIK VIZA olish imkoni yaratildi. Buning uchun investor xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish sharti bilan eng kam oylik ish haqining 8 500 baravaridan (1,5 mlrd so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda yoki xorijiy korxona tashkil etish shaklida investitsiya kiritishi lozim. 

Shuningdek, mazkur vizaning amal qilish muddatini O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish huquqi beriladi. 

Ilgari ko‘p martalik vizalarning uzoq muddati bir yilni tashkil qilib, uning muddatini uzaytirish uchun O‘zbekiston hududidan tashqariga kirib-chiqish zarur edi.

Istiqboldagi vazifalar

Farmon bilan Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra:

investitsiyaviy faoliyatni tartibga soluvchi yagona qonun hujjati loyihasini joriy yilning oxirigacha tayyorlash;

yer uchastkalariga nisbatan xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etish;

litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan isloh qilish;

aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirishni kengaytirish ishlari amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

O‘zA
2 330