O‘zA O`zbek

02.08.2018 17:37 Chop etish versiyasi

Hokimiyat svetofor o‘rnatishni salkam bir oyga cho‘zdi, oqibatda...

Hokimiyat svetofor o‘rnatishni salkam bir oyga cho‘zdi, oqibatda...
Piyodalar o‘tish joyiga birgina svetofor o‘rnatish uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Toshkent shahar hokimligi qoshidagi yo‘l harakatini boshqaruv texnik vositalar o‘rnatish va foydalanish departamenti birgina svetofor o‘rnatish ishini 26 kunga cho‘zgan.

Aktrisa Fotima Rejametova 20 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasida tartibga keltirilmagan piyodalar yo‘lakchasini kesib o‘tish vaqtida YTH oqibatida vafot etgan. Qo‘qqisdan katta tezlik bilan kelgan avtomobil haydovchisi aktrisaning hayotiga zomin bo‘lgan edi. Ushbu tartibga keltirilmagan piyodalar yo‘lakchasida 30 iyul kuni svetofor o‘rnatildi. Shundan so‘ng, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda, “svetofor o‘rnatilishi uchun albatta, kimdir qurbon bo‘lishi kerakmidi?”, degan iddaolar ko‘paydi.

Haqiqatan ham, Abdulla Qodiriy ko‘chasida svetofor o‘rnatilishiga aktrisa o‘limidan keyin harakat qilindimi? Ungacha mas’ul idoralar “uyquda”midi. Aslida ayb kimda?

Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida uza.uz muxbiri Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot xizmatiga murojaat etdi. Matbuot xizmati vakili bizga Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi piyodalar yo‘liga svetofor o‘rnatish uchun Yo‘l harakatini tashkil etishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan buyruq 26 kun avval berilganligi haqidagi hujjatni ko‘rsatdi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha mazkur yo‘lga svetofor o‘rnatish 4 iyul kuni Toshkent shahar hokimligi qoshidagi yo‘l harakatini boshqaruv texnik vositalar o‘rnatish va foydalanish departamentiga svetofor o‘rnatish bo‘yicha buyruq berilgan. Departament esa svetoforni 30 iyul kuni o‘rnatgan. Matbuot xizmatining dalolat berishicha, departament tomonidan svetoforni o‘rnatish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilganligi sababli, u 30 iyulga qadar cho‘zilgan. 26 kunga qadar cho‘zilgan bosqichma-bosqich ishlar nimalardan iboratligi bizga qorong‘i. Baxtsiz hodisadan 26 kun avval svetofor o‘rnatishga buyruq bergan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi esa 20 iyulda sodir bo‘lgan aktrisaning o‘limida aybdor emasligini aytmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda svetoforlar o‘rnatish IIBB tomonidan emas, shahar hokimligi qoshidagi departament tomonidan amalga oshiriladi. Svetofor o‘rnatishga muhtoj ko‘chalar esa albatta, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan nazoratga olinadi. Qiziq, birgina svetofor o‘rnatish salkam bir oy vaqt talab qiladigan jarayon bo‘lsa, tartibga keltirilmagan ko‘chalarning o‘nglanish tezligini tasavvur qilavering.

Anora Sodiqova, O‘zA
2 250