O‘zA O`zbek

03.04.2019 Chop etish versiyasi

Hokimiyat olib qo‘ygan yer fermerga qaytarildi

Hokimiyat olib qo‘ygan yer fermerga qaytarildi

Mazkur shikoyat e’lon qilinmagan edi. Ammo, o‘rganishlar samarasida shikoyat ijobiy hal etildi. Buni ijodiy jamoamizning va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining yutuqi sifatida e’tiboringizga havola etmoqchimiz. Bu holat boshqalar uchun ham saboq bo‘lsa, ajab emas.

Shu kunlarda ayrim fermer xo‘jaligi rahbarlarining ularga tegishli bo‘lgan ekin yer maydonlarini mahalliy hokimiyat tomonidan asossiz tarzda olib qo‘yilib, so‘ng boshqa fermer xo‘jaliklariga birlashtirib berilayotganligidan norozi bo‘lgan murojaatlari turli ommaviy axborot vositalarida tarqalmoqda.

Ana shunday holat Buxoro viloyatidagi “Do‘rman omad nuri” fermer xo‘jaligi bilan ham yuz berdi.

Qorako‘l tuman hokimining 2018 yil 9 avgustdagi da’vo arizasi asos bo‘lgan.

Buning ustiga, bu da’vo arizasini G‘ijduvon tuman iqtisodiy sudi ko‘rib nomaqbul dalillar bilan kiritilgan da’vo arizasini noto‘g‘ri quvvatlab, 2018 yil 24 avgustda “Do‘rman omad nuri” fermer xo‘jaligining yer ijara shartnomasini bekor qilish haqida hal qiluv qarori chiqargan.

2006 yilda faoliyat boshlagan va o‘tgan yillar davomida tumandagi “Namunali fermer” maqomini olgan fermer Oltin Sottieva adolatsizlikka yo‘liqdi. Nega?

– G‘ijduvon tuman iqtisodiy sudi ishni faqat bir yoqlama ko‘rgan, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov. 

– Da’vo arizasida asos qilib olingan hujjatlarning birortasi ham Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunning 32-moddasiga ko‘ra, uning yer ijara shartnomasini bekor qilishga asos bo‘lolmaydi. 

Bu moddada 5 ta asos ko‘rsatilgan. Bu asoslarning birortasi ham dalil bilan isbotlanmagan va “Do‘rman omad nuri” fermer xo‘jaligining harakatida bu qonunbuzarliklar mavjudligi dalillar bilan isbotlanmagan.

Shuningdek, “Do‘rman omad nuri” fermer xo‘jaligi rahbari O.Sottieva bilan tuman hokimi o‘rtasida imzolangan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasida ijaraga berilgan yer maydonidan noqonuniy uy-joy va boshqa qurilishlar qurish hamda tuman, viloyat hokimining qarorisiz ko‘p yillik daraxtzorlar barpo etish mumkin emas.

Agarda ushbu holat aniqlansa, mazkur yer ijara shartnomasi ijaraga beruvchi tomonidan bekor qilinishiga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, “Do‘rman omad nuri” fermer xo‘jaligi rahbari O.Sottieva shartnoma shartlari hamda “Yer kodeksi”ning 90-moddasini qo‘pol ravishda buzgan” degan so‘zlar aytilgan.

Ammo, hujjatlar buning aksini ko‘rsatmoqda. O.Sottieva yer uchastkasida noqonuniy uy-joy qurmagan. Ko‘p yillik daraxtlarni esa o‘zboshimchalik bilan emas, balki tuman hokimining qaroriga ko‘ra 12 gektar bog‘ va uzumzor sifatida ekkan.

Biz hokimiyat da’vo arizasidagi yana bir ma’lumotga e’tibor qaratgan edik. Unda fermer 2.42 gektar yerga, ya’ni rejaga nisbatan ortiqcha maydonga g‘alla ekilgan, deyilgan.

Bunda davlat ehtiyojlari uchun ekilgan bug‘doy hosili qanday noqonuniy huquqiy oqibat keltirgan bo‘lishi mumkin? Bunga huquqshunos shunday izoh berdi:

– 2.42 gektar yer maydoni chorvachilikka ixtisoslashtirilgan ozuqa ekishga mo‘ljallangan yer bo‘lgan, – deydi Chorixon Qodirov. 

– Chunki fermerning statistikadan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 101 ta qoramoli bor. Mazkur yerda esa ozuqa yetishtirish maqsadida ekin ekilgan. Bu ekinlarni joylashtirish to‘g‘risidagi qarorga xalaqit berganmi- yo‘qmi tuman sud buni aniqlamasdan to‘xtamga kelgan.

Agarda fermer paxta uchun mo‘ljallangan 2.42 gektar yerga g‘alla ekkanida ixtisoslashuvni buzilgan, deya buni dalil sifatida keltirish mumkin edi.

Shuningdek, hokimiyat vakillari fermer 0,90 gektar paxta-g‘alla ekishga rejalashtirilgan ekin yerni qonunga zid ravishda bir necha fuqarolarga qonuniy ravishda tomorqa sifatida foydalanish maqsadida ajratib bergan. Bu yerda fuqarolar yo‘ng‘ichqa ekkani haqida “Do‘rman” MFYda yashovchi fuqaroning xabariga tayanib ma’lumot keltirgan. Bunga fermer nima deydi?

– Men hech kimga tomorqa uchun yer bermaganman, – deydi O. Sottieva. – Faqatgina ishchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish uchun ish haqidan tashqari qo‘shimcha sifatida yo‘ng‘ichqadan 800 bog‘dan o‘t o‘rib olishiga ruxsat berganman. Bunga kelishuv bitimi tuzganman. Agarda yerni talon-toroj qilganimda qariyb 13 yildan buyon reja-topshiriqlarini qanday bajargan bo‘lardim. Buni isbotlash uchun men Oliy sudga o‘tgan yillar davomida yig‘ilgan statistik ma’lumotlarni taqdim etib, haqligimni isbotladim.

O‘zining haqligini isbotlay olgan fermer xo‘jaligi sudda g‘alaba qozondi va uning fermerlik huquqlari qayta tiklandi.

1 838
Sayyora Shoeva, O‘zA