O‘zA O`zbek

16.03.2020 Chop etish versiyasi

Hokim va sudyaning telefondagi tortishuvida kim haq edi?

Hokim va sudyaning telefondagi tortishuvida kim haq edi?

Ijtimoiy tarmoqlarda hokim va sudya oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon soʻzlashuvi audiosi tarqaldi va bu qizgʻin muhokamalarga ham sabab boʻldi. Sudyaning hokimning talabiga boʻysunmagani olqishlarga ham sabab boʻldi. Axir qonun boʻyicha sudyalar mustaqildirlar!

Shundan soʻng Gʻuzor tumani hokimi Saʼdulla Boboqulov “Daryo.uz” saytiga intervyu bergan va “Hokimlar qargʻaga oʻxshab qoldik, kim koʻrsa haydayapti” sarlavhali maqola eʼlon qilingan.

Ushbu vaziyat Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan oʻrganib chiqildi. Kengashning ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar shoʻbasidan OʻzAga quyidagilar maʼlum qilindi:

“Daryo.uz”da eʼlon qilingan maqolada Gʻuzor tumani hokimi Saʼdulla Boboqulov fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanov bilan telefon orqali gaplashishdan maqsadi sud raisini xalq deputatlarining tuman kengashi sessiyasiga hisobot berish maqsadida chaqirish boʻlgani, sudya esa unga hurmatsizlik qilgani, ushbu holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashiga xat bilan chiqilganligi, ammo 10-12 kundan buyon javob yoʻqligi haqida bayon qilingan.

Dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra, Gʻuzor tumani hokimi S.Boboqulovdan yuqoridagi holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashiga xat kelib tushmagani aniqlandi.

Shuningdek, sudyalar xalq deputatlari Kengashlari majlislarida hisobot bermaydi. Aksincha, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 24-moddasiga koʻra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari majlisida bir yilda kamida bir marta fuqarolar huquqlari va erkinliklari, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sud yoʻli bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati toʻgʻrisida axborot beradi.

Ayni paytda, Sudyalar oliy kengashi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio yozuv va Gʻuzor tumani hokimi S.Boboqulovning maqolada keltirgan vajlari yuzasidan, shu jumladan, hokim tomonidan sud ishlarini hal etishga aralashish, sudyaga nisbatan qonunga xilof ravishda taʼsir (bosim) oʻtkazish holatlariga yoʻl qoʻyilganligini aniqlash yuzasidan tekshiruv boshlangan. Tekshiruv natijalari maʼlum qilinadi.

Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida, sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash biz uchun eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qoʻli yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik shartligi, shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim oʻtkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligi haqida taʼkidlab oʻtgan.

80
OʻzA