O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Hokim “Oydin yo‘l” qishlog‘i aholisi bilan uchrashdi

Hokim “Oydin yo‘l” qishlog‘i aholisi bilan uchrashdi

Sirdaryo viloyati hokimi Sayxunobod tumanidagi “Baxmalsoy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Oydin yo‘l” qishlog‘ida sayyor qabul o‘tkazdi.

“Oydin yo‘l” qishlog‘idagi mavjud 140 xonadonda 620 nafar aholi istiqomat qiladi. Qishloq ahli bir qator muammolar girdobida ancha e’tibordan chetda qolib yashab kelmoqda. Ichimlik suvi muammosi, ko‘chalarning qishda loy, yozda chang-tuproqligi, suyultirilgan gazni vaqtida olib kelib bermaslik, elektr ta’minotidagi uzilishlar va boshqa shu kabi muammolar qishloq ahlini anchadan buyon qiynab kelayotgan edi.

Aholi xonadonlariga borish, ularning ahvoli bilan yaqindan tanishish, yuzaga kelgan muammolarni faqat sayyor qabullardagina emas, balki, boshqa uchrashuvlarda ham qishloq ahli bilan birgalikda joyida, amaliy hal qilish muhim sanaladi.

Sayyor qabulda viloyat hokimi bilan birgalikda, hokim o‘rinbosarlari, tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, 4 ta sektor rahbarlari, korxona, boshqarma, tashkilotlar rahbarlari ham ushbu qabulda ishtirok etishdi. Rahbarlar “Oydin yo‘l” qishlog‘i xonadonlariga birma-bir kirib, odamlarning dardu tashvishlarini eshitdi. Xalq ko‘tarayotgan masalalarni joyida o‘rgandi, aholini qiynab kelayotgan muammolarni shu yerning o‘zida bartaraf etdi.

Sayxunobodliklar huzuriga sayyor qabul o‘tkazgani kelgan viloyat hokimi G‘ofirjon Mirzaev qabulni “Oydin yo‘l” qishlog‘idagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi bilan tanishishdan boshladi.

74676f24-17a7-4bfd-b317-8954f6f36523.jpg

Ushbu ta’lim muassasasi 1981 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan. 260 o‘rniga mo‘ljallangan ta’lim muassasasida ayni chog‘da 170 nafarga yaqin qishloq bolalari tahsil olyapti. Maktab oxirgi marotaba bundan 14 yil muqaddam qayta ta’mirdan chiqarilgan.

Viloyat rahbari ushbu ta’lim dargohida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berib, ularni bartaraf etish borasida aniq muddatni belgiladi. O‘quv muassasasining kirish qismi yangi fasadda ta’mirlanib, hovli qismi beton qilinadigan bo‘ldi. Bu ishlar qisqa – 3 kun muddatda amalga oshirilishi ham aniq qilib belgilab qo‘yildi.

Maktab uchun zamonaviy sport zal qurish ishlari esa 2020 yil mahalliy dasturga kiritildi.

Maktabning sinf xonalaridagi barcha yozuv taxtalarini zamonaviysiga almashtirish ishini 3-sektor rahbari o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa, kutubxonalardagi kitob javonlarini yangilashni 2-sektor, zamonaviy kompyuter sinf xonasini tashkil etishni 4-sektor o‘z zimmasiga oldi.

So‘ngra, viloyat hokimi “Oydin yo‘l” qishlog‘i oqsoqollari huzuriga borib, ular bilan dildan suhbatlashdi. Ularning fikru mulohazalari, qiynab kelayotgan muammolariga quloq tutdi.

Uchrashuv chog‘ida qishloq oqsoqollari, ichki yo‘llarning 3,2 kilometrini to‘liq ta’mirlash, xonadonlarga suyultirilgan gaz yetkazib berish muddatini bir oyda bir marotaba emas, 2 haftada bir martaga ko‘chirish, ichimlik suvi muammosini hal etish kabi masalalarini ko‘tardi.

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida qishloqda joriy yilning 18 sentabriga qadar “Politex Sirdaryo” mas’uliyati cheklangan jamiyat klasteri tomonidan 50 ish o‘rniga mo‘ljallangan panelli tikuv korxonasi ishga tushirilishi rejalashtirildi.

Shuningdek, qishloq aholisining murojaati bo‘yicha tikuv sexi oldida ko‘rkam 3 xonali zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish binosi ham quriladigan bo‘ldi.

Viloyat hokimi qishloqdagi Sarishta ko‘chasi 11-uyda istiqomat qiluvchi, Jumagul Bozorovaning xonadonida bo‘lib, sunnat to‘yi o‘tgan farzandlariga velosiped sovg‘a qildi va shu joyning o‘zida Sayxunobod tuman hokimi Botir Mirzaqulovga nurab qolgan devorni ta’mirlab berish topshirildi.

– To‘g‘risi, viloyat hokimining o‘zi shaxsan xonadonimga kelishini kutmagan edim, – deydi Jumagul Bozorova. – Kuni kecha farzandlarimni sunnat qildirib, ularga velosiped sovg‘a qila olmaganimdan ko‘nglimda bir hadik bor edi. Hokimimiz bolalarimga velosiped sovg‘a qilgach, bolalarimning quvonganini ko‘rib, o‘sha ko‘nglimdagi g‘ashlik tarqab ketdi.

Bundan tashqari shu qishloqda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalardan Musaevlar va Shamsievlar xonadonlariga gaz plitalari, Xabibovlarga esa kir yuvish mashinasi sovg‘a qilindi.

660634e8-a6f4-4ca5-ab32-0062eecfb7c4.jpg

“Oydin yo‘l”liklarni qiynab kelayotgan yana bir dolzarb muammo – ichimlik suvi. 50 yil muqaddam qurilgan suv inshoati bugunga kelib qishloq aholisini suv bilan ta’minlay olmay qolgan. Mana 10 yildirki aholi suvni tashib ichadi.

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan artizan suv qudug‘i qayta ishga tushirilib, aholiga ichimlik suvi chiqarib berildi.

“Oydin yo‘l” qishlog‘idagi suv minorasi qayta ta’mirlanib, qishloqning har bir ko‘chasiga suv quvurlari tortish uchun mahalliy budjet hisobidan 300 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, joriy yilning 1 sentabrga qadar ichimlik suvi bilan bog‘liq barcha muammolar bartaraf etilishi belgilab berildi.

Qabul davomida qishloqda yashovchi aholining tomorqadan foydalanish madaniyati ham atroflicha o‘rganildi.

Shu qishloqda istiqomat qiluvchi Alisher Jo‘raev oilasi 14 sotixli tomorqasida issiqxona tashkil etgan. Shu mavsumning o‘zida oila a’zolari issiqxonadan 30 million so‘m sof daromad oldi. Ayni chog‘da, Jo‘raevlar ikkinchi hosil uchun ko‘chatlar parvarishi bilan band.

Viloyat hokimi Jo‘raevlar issiqxonasida bo‘lib, bu tajribani qishloqda ommalashtirish lozimligi, bunday xonadonlarni ko‘paytirish uchun tijorat banklariga kredit mablag‘lari ajratish borasida tegishli ko‘rsatmalarni berdi.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofirjon Mirzaevning Sayxunobod tumani “Oydin yo‘l” qishlog‘ida aholi bilan o‘tkazgan sayyor qabulidan aholi mamnun.

657
Abdujalol QAYuMOV, O‘zA