Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.05.2018 12:02 Chop etish versiyasi

Hisobot qizg‘in muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitalarining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017 yildagi faoliyati yuzasidan palata rahbariyatining axboroti tinglandi.

Palataning o‘tgan yil davomidagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, shuningdek, boshqa tegishli hujjatlarda aks etgan topshiriqlarning ijrosini nazorat qilish va ta’minlash bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarni inobatga olgan holda tashkil etildi.

Yig‘ilishda aytilganidek, o‘tkazilgan tekshirish va o‘rganishlar natijasida vazirlik, idoralarda 1773 holatda 33,5 milliard so‘mlik va 6,9 million dollarlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar aniqlandi. Hisob palatasining tahlillari 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarning takomillashtirilishiga asos bo‘lgani qayd etildi.

Shuningdek, byudjet tashkilotlari uchun ayrim tovarlar yetkazib beruvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik holatlari ham aniqlandi. Barcha hududlar doirasida qariyib 1,5 ming byudjet tashkiloti bilan tuzilgan 7,8 milliard so‘mlik 2 mingdan ortiq shartnoma shartlari bajarilmagani aytib o‘tildi.

Tadbirda mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash maqsadida hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni va aniqlangan muammolar, ularning hal etilishi borasidagi o‘rganishlar natijalariga ham e’tibor qaratildi.

Muhokamalar so‘nggida yig‘ilish ishtirokchilarining savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi hamda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Inobat Ahatova, O‘zA
1 494