O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Hindlarning “Khuda Hafiz” nomli romantik jangari filmi Xorazmda suratga olinmoqda

Hindlarning “Khuda Hafiz” nomli romantik jangari filmi Xorazmda suratga olinmoqda

Hindiston kino ustalari O‘zbekistonda “Khuda Hafiz” nomli romantik jangari filmni suratga olish ishlarini boshladi. Bu haqda “O‘zbekkino“ milliy agentligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilishlaricha, film rejissyori sifatida Faruk Kabir ishtirok etmoqda. “Khuda Hafiz” filmini suratga olishda qatnashish uchun Hindistondan 130 kishi hamda AQSh, Rossiya va qator Yevropa mamlakatlaridan 30 kishi O‘zbekistonga kelgan. Filmni suratga olish ishlari 14 oktabrda boshlangan. Ayni paytda syomka ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Ushbu loyihada Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining mahoratli aktyori Otabek Haqberdiev ham suratga tushmoqda.

Shu bilan birga, ijodiy jarayonda O‘zbekistondan ham aktyorlar, texnik xodimlar jalb qilingan. O‘zbekistondagi suratga olish ishlari budjeti bir million dollarga yaqinni tashkil qilishi kutilmoqda. Film Toshkent va Xiva shaharlarida suratga olinadi. Shundan so‘ng ijodiy guruh o‘z ishini Hindistonda davom ettiradi.

“Khuda Hafiz” filmi romantik-ekshin janrda bo‘lib, bosh rolni Vidyut Jamvall ijro etmoqda. Kinokartina haqidagi dastlabki ma’lumotlarni filmning menejeri, kinotanqidchi Taran Adarsh Twitter sahifasida chiqargan. Film syujetiga hayotiy voqealar asos qilib olingan. Kartina prem’erasi 2020 yilda bo‘lishi rejalashtirilgan.

R.JABBOROV

255
O‘zA