O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Hindistonning Dehli shahrida an’anaviy simpozium o‘z ishini boshladi

Hindistonning Dehli shahrida an’anaviy simpozium o‘z ishini boshladi

Hindistonning Dehli shahrida Mikro, kichik va o‘rta korxonalar vazirligi tashabbusi bilan an’anaviy simpozium o‘z ishini boshladi.

E’tirof etish lozim, joriy yilgi nufuzli anjumanga O‘zbekiston delegatsiyasi ham hamkor sifatida taklif etilgan. 

Unda Hindistonning xorijiy mamlakatlar bilan savdo va iqtisodiy munosabatlari, mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyati hamda mintaqaviy va xalqaro masalalardagi hamkorlikka oid qator masalalar muhokama qilinmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, hindistonlik taniqli dizayner, O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat va turizm elchisi Ritu Beri Qo‘qonda tashkillashtirilgan festivalga tashrifi davomida “The Luxury Simposium TLS” da O‘zbekistonning ham ishtiroki juda muhimligi haqida so‘z yuritgan edi.

Shundan kelib chiqib mamlakatimiz vakillari dunyoning eng mashhur simpoziumlaridan birida o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishmoqda. Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari, O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutaxassislari va “Visit Uzbekistan” jurnali ijodkorlaridan iborat bo‘lib ular tomonidan madaniy hamkorlik, arxitektura va dizayn yo‘nalishlari hamda madaniy turizmni rivojlantirishga oid takliflar ilgari surilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan o‘rin olgan ma’ruzalarda mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziev tomonidan har ikki davlatning savdo aylanmasiga doir raqamlar, Hindiston yirik biznes tuzilmasining O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalariga oid ma’lumotlar, farmasevtika sohasida investitsiya kiritish imkoniyatlari, erkin iqtisodiy zonalar, O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va afzalliklar, transport kommunikatsiyalari, logistika, viza va boshqa tartib-taomillarga doir joriy etilgan yangiliklar haqida so‘z borishi ma’lum qilingan. 

Tadbir doirasida soha mutaxassislari, tahlilchi va ekspertlari ishtirokida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini tahlil qilishga bag‘ishlangan davra suhbatlari ham o‘tkazilmoqda.

407
O‘zA