O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 22:02 Chop etish versiyasi

Hindistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari ochildi

Hindistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari ochildi Dehli shahrida Hindistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlarining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. 

6e62fb7e-c84e-4feb-a1a4-42dd9aa86661.jpg 

Marosimni Hindiston Tashqi ishlar vazirligi “Pravas Bxaratiya Kendra” forumlar saroyida boʻlib oʻtgan tantanali oqshom boshlab berdi.

53afb1ba-649b-4883-b64e-7369096834fb.jpg

Tadbir Hindiston TIV huzuridagi Madaniy munosabatlar boʻyicha Hindiston kengashi, “Hindiston – Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. 

7990ee72-ab95-420e-8155-95e56cefe1fb.jpg 

Tadbirda oʻzbekistonlik musiqa va raqs guruhlari chiqishlari namoyish etildi. Ochilish marosimida davlat, jamoat, siyosiy va madaniy tashkilotlar vakillari, fan va sanʼat namoyondalaridan iborat 300 dan ortiq mehmon ishtirok etdi.

b24dfc86-f26d-4475-9630-afdc0ba7df80.jpg

Forumlar saroyida Oʻzbekiston amaliy sanʼati koʻrgazmasi tashkil etildi. Eʼtiborga molik jihati, “Pravas Bxaratiya Kendra” forumlar saroyi Hindistonning barcha hududlaridan jamlangan boy sanʼat asarlari kolleksiyasi bilan mashhur. Ular bilan uygʻun holda Oʻzbekistonning sopol buyumlari, soʻzanasi, toʻqimachilik, yogʻoch oʻymakorligi va amaliy sanʼat namunalari koʻrgazmaga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Mehmonlar eʼtiboriga mamlakatimizning sayyohlik va madaniy salohiyatiga bagʻishlangan film, jumladan, yaqin kunlarda Shahrisabzda boʻlib oʻtgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanidan videorolik havola etildi.

Tadbirda “Sirdaryo navolari” guruhining konsert dasturi ham namoyish etildi.

Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Farhod Arziyev xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik maʼnaviy-maʼrifiy rishtalarga toʻxtalib, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi madaniy muloqot bugungi kunda yangi surʼatlar bilan rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi ikki tomonlama, jumladan, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikka yangi mazmun baxsh etishiga ishonch bildirdi.

Oʻz navbatida, hindistonlik ishtirokchilar bu kabi tadbirlar “xalq diplomatiyasi”ning muhim vositasi hisoblanishi va Hindiston jamoatchiligiga Oʻzbekistonning koʻp qirrali madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berishini qayd etdi.

Hindiston tashqi siyosiy idorasi departamenti direktori Manish Prabat Hindiston va Oʻzbekistonni umumiy madaniyat bogʻlab turishi, mamlakatlarimiz oʻrtasida azaldan yaqin va doʻstona munosabatlar yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston madaniyati kunlari ikki tomonlama munosabatlardagi tarixiy voqea – Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi arafasida oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatli ekanini qayd etdi.

Atoqli jamoat arbobi, “Hindiston – Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyati prezidenti Anil Shastri:

– Tadbir tashkilotchilaridan biri sifatida doʻstlik jamiyati Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy muloqotni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston madaniyati kunlari doirasida Lal Bahodur Shastri nomidagi Menejment institutida maxsus dastur oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Bugun biz yorqin taassurotlar, diltortar navolar, yuksak iqtidor va eng asosiysi, oʻzbek xalqiga xos mehmondoʻstlik va bagʻrikenglik bayramining guvohi boʻldik.

Tadbir doirasida Dehlida Hindistonning yirik taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Jamiya Milliya Islomiya universitetining oʻzbek tili boʻyicha professori Sh.Taslim rahbarligida chop etilgan toʻrt jildlik oʻzbek tili darsligi taqdimoti ham oʻtkazildi. Ushbu universitetda oʻzbek tili kafedrasi faoliyat yuritib, oʻzbek adabiyoti burchagi tashkil etilgan.

Hindistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari joriy yilning 14 sentyabriga qadar davom etadi. Dastur doirasida, shuningdek, Lal Bahodur Shastri nomidagi Menejment institutida konsert, Oʻzbekiston madaniy merosi taqdimoti, Noida shahridagi mashhur “Marva Studios” markazida oʻzbek filmlari namoyishini oʻz ichiga olgan madaniy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

OʻzA