O‘zA O`zbek

21.08.2018 18:59 Chop etish versiyasi

Hindiston – ilg‘or texnologiyalar yetakchisi

Hindiston – ilg‘or texnologiyalar yetakchisi Prezidentimizning yetuk islohotchi, Markaziy Osiyo integratsiyasining chinakam tashabbuskori sifatidagi roli dunyo ahlining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib yubordi.

Davlatimiz rahbarining yirik mamlakatlar poytaxtiga tez-tez taklif etilayotgani ana shu intilishlarning mahsuli desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Osiyoning qudratli davlatlaridan biri Hindiston mamlakatimiz bilan tarixiy munosabatlarni mustahkamlash niyatida.

Aholisi soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallovchi Hindistonning dinamik ravishda rivojlanayotgan demokratik jamiyat qurishga erishgani keng miqyosda tan olinadi. Hindiston bularning barchasiga bir necha asrlik xorijiy mustamlakachilik asorati ortidan erishgan.

Sotsializm qurish orzusida bo‘lgan Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javoharlal Neru mamlakatda dastlab davlat boshqaruviga asoslangan tuzumni o‘rnatdi. Bora-bora hukumat xususiylashtirish siyosatini jiddiy ravishda hayotga tatbiq etishni boshlaydi. Dunyoda eng ko‘p paxta yetishtirayotgan davlatlar uchligiga kiruvchi Hindiston tez orada qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchi ilg‘or davlatlar safidan ham o‘rin oladi. Buning ortidan qo‘shnisi va asosiy raqibi Xitoy hamda boshqa qudratli davlatlar Hindistonga qiziqish ko‘rsata boshlaydi.

Hindiston shaharlarida kundan-kunga gullab-yashnayotgan o‘rta sinf shakllanadi va ular axborot texnologiyasi sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Hozirda mamlakat o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini fazoga uchirish bilan birga Oyni ham zabt etish rejasidadir.

345-3.jpg

Bundan uch yil burun hukumat tepasiga kelgan Bosh vazir Narendra Modi aholi kambag‘al qatlamining hayotini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni davom ettirishni o‘zining asosiy vazifasi ekanini e’lon qilgandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy taraqqiyotning rivojlanishi va aholi turmush darajasining ko‘tarilishi nuqtai nazaridan Hindiston ancha tezkor ildamlamoqda. Xususan, 2017 yilning birinchi yarmidan mamlakatdagi narx-navo ham jiddiy suratlarda pasayib borganligi qayd etildi. Bu 2016 yilning noyabrida mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi tomonidan amalga oshirilgan valyuta siyosati natijasida muomaladagi ikki turdagi banknotalarning bekor qilingani bilan bog‘liq. O‘shanda mamlakatdagi ko‘pgina korxona va firmalar faoliyatida keskin pasayish va halokatli bankrotlik holatlari kuzatildi. Ko‘pgina korxonalar mazkur reforma natijasida barbod bo‘lish darajasiga kelib qolgandi. Ammo ko‘p o‘tmasdan ahvol birdaniga o‘nglandi va iqtisodiyotda hayot qayta jonlandi. Endi mamlakatda ishlab turgan korxonalar faoliyatida to‘xtamasdan o‘sish kuzatila boshlandi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yil moliyaviy ko‘rsatgichlari bo‘yicha Hindiston Xitoydan kamida 7,4 foizga o‘zib ketishini taxmin qilmoqda.

Buning sabablaridan biri sifatida Hindistondagi 100 milliondan ortiq kichik firmalarning muvaffaqiyatli ishlab turgani keltirilmoqda. Yana bir qiziq ma’lumot. 2017 yilda Hindiston Fransiyani quvib o‘tib, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyo mamlakatlari ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi. Soha ekspertlari yaqin o‘n yilda Janubiy Osiyoning bu mamlakati jahonning uchta yirik iqtisodiyotlaridan biriga aylanishini bashorat qilayotganlari ham bejiz emas. Negaki, oxirgi yillarda davlat sanoatni va ilg‘or axborot texnologiyalarini kuchaytirish, eksportni kengaytirish va global integratsiya jarayonlarida faol qatnashish hisobiga jiddiy siljishga qo‘l urdi. Afsuski, ijtimoiy tengsizlikning yuqori ko‘rsatkichi va malakali kadrlarning yetishmovchiligi Dehli uchun jiddiy bosh og‘riq bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, “hind mo‘jizasi” jahon iqtisodiyoti manzarasiga o‘zgarish kiritib bo‘ldi.

4-16.png

Jahon bankining baholashicha, 2017 yil yakuniga ko‘ra, hind YAIM 2,597 trillion AQSH dollariga yetdi. Fransiyada esa bu raqam 2,582 trillion ko‘rsatkichni tashkil etdi. Shunday qilib, bir necha yil ichida Hindiston iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar orasida eng tez o‘suvchisiga aylanadi.

Vaholanki, 2007 yilda 1,2 trillion dollarga teng YAIM bilan Hindiston 12-o‘rinni egallab turgan edi. Albatta, 10 yil ichida iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ikki barobarga oshirish hammaga ham emas. 2032 yilga borib, mamlakat Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyani ortda qoldirishi mumkin ekan.

Odatda hind iqtisodiyotining o‘sishi demografik omil bilan bog‘lanadi. Bugungi kunda aholi soni 1,3 milliarddan oshgan. Bunday vaziyat xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yuzaga keltiradi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 50 foizdan oshib ulgurdi. Ayni paytda Hindiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ilg‘or eksportchisiga aylandi. Ayniqsa, Xitoy bozorida oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligidan muvaffaqiyatli tarzda foydalanib, Chin bozorini zabt etdi. Xitoy to‘qimachilik mahsulotlari sezilarli qimmatlashuvi ortidan Hindiston butun dunyoga arzon gazlama mahsulotlarini yetkaza boshladi, ya’ni Xitoy bozorining o‘rinbosariga aylandi.

Qaram mamlakatdan mustaqil iqtisodiy yirik davlatga aylanishi quvonarli albatta. Bu uning global integratsion jarayonlarga faol qo‘shilishi bilan ham izohlanadi. Hindistonning SHHTga a’zo bo‘lishi, shuningdek, YevroOsiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo davlatlar bilan erkin savdo zonasini tashkil etish borasidagi muzokaralari iqtisodiyoti kelajagi yo‘lidagi izlanishlardan biridir. Zero, hali oldinda yechilishi lozim bo‘lgan talay muammolar bor. YAIM yuqori ko‘rsatkichlariga qaramay, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulot 1 ming 963 dollarga teng, Xitoyda esa bu raqam 7 ming 330 dollarni tashkil etadi.

Kadrlar savodxonligini oshirish ham ustuvor vazifalardan. Bu ayniqsa, janubiy shtatlarda dolzarb sanaladi. Hozir rasmiylar xalqaro ta’lim tizimini barpo etish masalasi ustida muttasil ish bormoqda. Bu yo‘nalishdagi eng yirik loyiha – Nalanda universiteti bo‘lib, bu yerda AQSH, Germaniya, Xitoy va Singapur mutaxassislari ish olib bormoqda.

Sundar-Pichai-Google-for-India.jpg

Korrupsiyaga qarshi mavzusi bosh og‘riqli muammolardan. Korrupsiya Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga zarba berayotgan eng xavfli chirkin illat. Transparency International tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda Hindiston korrupsiyalashganlik darajasi bo‘yicha 176 mamlakat orasida 81 o‘rinni egallagan.

Shunga qaramay, o‘sib borayotgan hind iqtisodiyotining afzalligi aholi tarkibining asosan yoshlardan iboratligidir. Bugun hindlarning 50 foizdan ko‘prog‘i 30 yoshdan kichik yoshlardir. Demak, ishchi kuch yosh va arzon, aholining qariligi muammosi yo‘q. Shuning uchun ko‘plab buyurtmalar Hindistonga oqib kelyapti. Respublika bosqichma-bosqich o‘ziga texnologik gigantlarning yirik yig‘ma ishlab chiqarishini jalb etmoqda. Misol tariqasida Apple kompaniyasi mazkur davlat hududida zavodlarini ocha boshladi.

Hindiston 2020 yil 26 yanvarda mamlakatni suveren, demokratik respublika, deb e’lon qilgan Konstitutsiya kuchga kirganining 70 yilligini nishonlaydi. 1947 yilning 15 avgustida mustaqillikka erishgan Hindiston o‘tgan o‘n yilliklar mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning og‘ir yo‘lini bosib o‘tdi.

Xalqaro munosabatlarda ham Dehli Janubiy Osiyoning so‘zsiz yetakchisi. Qolaversa, uning boshqa mintaqalarda, xususan, janubi-g‘arbiy va janubi-sharqiy Osiyodagi geosiyosiy ta’siri kuchayib borayotganini ham ta’kidlash o‘rinli. Bunga davlatning o‘sib borayotgan harbiy-siyosiy imkoniyatlari va yadroviy davlat maqomi imkon beradi.

Iqtisodiyotning sezilarli ko‘tarilishi, ilg‘or axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchilik, yadroviy qurol, yetakchi davlatlar bilan strategik sherikchilik, shu va shu kabi omillar yaqin istiqbolda Hindistonning nafaqat mintaqadagi, balki xalqaro hamjamiyatdagi yetakchilik rolini belgilab bersa ajabmas.

Uning jug‘rofiy o‘rni ham ulkan ahamiyatga ega. Olaylik, janubiy Osiyo subkontinentida joylashgan Hindiston Bangladesh, Birma, Butan, Xitoy, Nepal, Pokiston bilan quruqlikda, dengiz orqali Shri-Lanka va Maldiv respublikasi bilan umumiy chegaradosh. Hindistonning hind okeanining muhim savdo yo‘llariga yaqin jug‘rofiy joylashuvi jahon savdo tizimida geostrategik o‘rnini belgilaydi.

india-push-cleaner-greener-technology_183.jpg

Mamlakat ko‘plab atom elektr stansiyalariga ega bo‘lgani sababli uranga juda muhtoj. Hindiston o‘zining strategik zaxiralarini to‘ldirish maqsadida O‘zbekistondan uran sotib olish haqida ham muzokaralar olib borishdan manfaatdor. Bugungi kunda Hindiston Rossiya, Qozog‘iston, Kanada va Avstraliyadan uran sotib olmoqda.

Ayni paytda Hindistonda umumiy quvvati 6 ming 780 megavatt bo‘lgan 22 ta AES ishlab turibdi va yana 21 ta AES qurilmoqda. 2021-2022 yillarga kelib Hindiston atom energiyasi ishlab chiqarish ikki baravarga oshadi

2030 yilga kelib esa AESlar umumiy quvvatini 22 ming megavattga yetkazmoqchi.

Hindistonning iqtisodiyotdagi salmoqli yutuqlariga uzoqni o‘ylangan va izchil siyosati sabab bo‘lganligini ta’kidlash joiz. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid tahlillarning ko‘rsatishicha, mustaqillikni qo‘lga kiritgan yosh hind davlati ko‘p sonli muammolarni yechishga shoshmasdan, bosqichma-bosqich yondashgan.

Agar 1950-1960 yillarda Hindiston o‘z oldiga o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlash va qashshoqlikni kamaytirish, bir vaqtning o‘zida mamlakatni sanoatlashtirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, 80-yillarda birinchi o‘ringa ilmiy-texnik inqilobni amalga oshirish va yuqori texnologiyalarga ega bo‘lish vazifasi chiqdi. 1990 yillarda liberal islohotlar o‘tkazilib, dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari hisobga olingan holda xalqaro xo‘jalikka integratsiyalashuv yo‘li tanlab olindi. Aynan yangi liberal iqtisodiy siyosat YAIM, birinchi navbatda sanoat ishlab chiqarilishining o‘sish sur’atlarini rag‘batlantirdi. Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlari uchun neftgaz tarmog‘i qanchalar hayotbaxsh bo‘lsa, Hindiston uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va uning eksporti shunchalik foyda keltiruvchi manbaga aylandi. Mazkur sohani rivojlantirish uchun rasmiy Dehli 1983 yildayoq aniq choralarga qo‘l urdi. Xususan, hukumat har bir vazirlikka o‘z byudjetidan 2-3 foiz mablag‘ni informatsion texnologiyalarni rivojlantirishga ajratishni tavsiya qildi, shuning barobarida axborot texnologiyalari sektori bo‘yicha asosiy soliq imtiyozlarini taqdim etdi.

Canal-top-Solar-Power.jpg

Hukumat axborot texnologiyalari bo‘yicha maxsus venchur fondi tashkil etilishini tasdiqladi. Unga ko‘ra, davlat elektronika boshqaruvida 30 foiz ulushga, kichik biznesni rivojlantiruvchi Hindiston banki 40 foiz, moliya va tadqiqot institutlari, xususiy kompaniyalar 30 foizli ulushga ega bo‘ldi. Fond faoliyatining maqsadi – dasturiy ta’minot ustida ish olib borayotgan firma va kompaniyalarga axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun moliyaviy kapital va zayomlar taqdim etish edi.

Kompyuter jinoyatlarining oldini olish, elektron tarzda savdo olib borishning huquqiy bazasini ta’minlash, elektron savdoni rivojlantirish uchun maxsus buyruq ishlab chiqildi. Natijada sektorni rivojlantirish sohasidagi soliq, sarmoyaviy, savdo siyosatining liberallashuvi axborot texnologiyalari tizimida ulkan “portlash”ni yuzaga keltirdi. Bu esa hukumatga mazkur sektor rivojiga sarflagan xarajatlarni to‘liq qoplashga, hatto sarmoyalarni kirib kelishiga yo‘l ochdi.

E’tibor bering, keyingi o‘n yilda mamlakatga kirib kelgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij sarmoyalarining miqdori 23,6 milliard dollarni tashkil etdiki, uning asosiy qismi yuqori texnologik tarmoqlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgani siyosatning naqadar chuqur o‘ylanganidan dalolat beradi.

India_iStock.com_by_Bartosz_Hadyniak_1.jpg

Hozirgi kunda Hindiston dunyoning deyarli 100 ta mamlakatiga yuqori sifatli dasturiy ta’minotlarni yetkazib beradi. Dunyodagi 500 ta yetakchi kompaniyalarning 140 tasi dasturlarga bo‘lgan ehtiyojini Hindiston eksporti hisobiga qondiradi. Mamlakatda yaratilayotgan dasturlarning 65 foizga yaqinini Amerika kompaniyalari (Cisco dan tortib General Electric gacha) xarid qiladi. Aynan shu sohaning o‘zi 200 milliondan ziyod o‘rta sinfning shakllanishiga yo‘l ochdi.

Islom Hindistondagi ikkinchi yirik din va mamlakat ham son jihatdan dunyoning ikkinchi yirik musulmon mamlakati. Bu yerdagi musulmonlar Boburiylardan juda faxrlanadi.Qolaversa, Hindiston ramzi bo‘lgan Toj Mahalni ham aynan Boburiylar tiklagan. Boburiy shoh Akbar davrida esa Hindistonda dinlar orasida uyg‘unlik va do‘stlikka erishilgan.

Hindiston aholisining o‘rta qatlami 90-yillardan keyingi iqtisodni erkinlashtirish siyosati orqali boyib ketdi. O‘zbekistonning Janubiy Osiyodagi Hindiston bilan har tomonlama hamkorligidan ikki mamlakat ham yutadi. Ikkalasi ham o‘z mintaqasining yetakchilari.

Abduvali Soybnazarov, siyosiy sharhlovchi
2 764