O‘zA O`zbek

17.08.2018 20:27 Chop etish versiyasi

Hindiston delegatsiyasi Buxoroda

Hindiston delegatsiyasi Buxoroda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Hindiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari – turli kompaniyalar mutasaddilari va tadbirkorlar 17 avgust kuni Buxoroga keldi.

Mehmonlar viloyat hokimligida qabul qilindi. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Umarov Buxoroda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsion muhit haqida to‘xtalib o‘tdi. Mehmonlarga hududning iqtisodiy salohiyati, Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida tashkil etilgan “G‘ijduvon” va “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonalari haqida ma’lumot berildi. Viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari, xususan, “BCT CLUSTER AGROKOMLEXS” mas’uliyati cheklangan jamiyatida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

– Uchrashuvda viloyatingizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay muhit, muhim yangiliklar haqida xabardor bo‘ldik, – deydi “MSME Forum” kompaniyasi raisiRajnish Goyenka (Hindiston). – Shuningdek, buxorolik tadbirkorlar va bizning ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqot ham g‘oyat sermahsul bo‘ldi. O‘zaro fikr almashish jarayonida yengil sanoat, charm, mo‘yna, qurilish materiallari hamda boshqa sohalarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bunday muloqotlar amaliy ishlarga o‘tishda ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

Hindistonlik mehmonlar Buxoro shahrining tarixiy-me’moriy yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 972