O‘zA O`zbek

23.05.2018 05:27 Chop etish versiyasi

Himoya huquqi endi faqat qog‘ozda emas, amalda ta’minlanadi

Himoya huquqi endi faqat qog‘ozda emas, amalda ta’minlanadi
Advokatning sudda yutib chiqishi, mijozini ozod eta olishi biz uchun faqat hind kinolarida mavjud edi.

Bundan ancha yillar muqaddam tanishimga advokat kerak bo‘lib qoldi. Advokatlik firmasiga borib so‘rab-surishtirib bir advokat bilan shartnoma tuzdik. U zarur ma’lumotlarni to‘pladi va sudda mijozini himoya qilish uchun barcha dalillarni ilgari surdi. Ammo hukm e’lon qilinganda advokatning birorta fikri inobatga olinmagan edi.

Ha, advokatning sudda yutib chiqishi, mijozini ozod eta olishi biz uchun faqat hind kinolarida mavjud edi. Amalda esa advokat imkon qadar harakat qiladi, ammo uni hech kim go‘yo eshitmas, nazariga ham ilmasdi.

Ammo fuqarolar va yuridik shaxslarning himoya huquqi ta’minlashishi shartligi inson huquqlariga oid konvensiya, Konstitutsiya va qonunlarda yaqqol aks ettirilgan. Jumladan, bu yil 70 yilligi nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har insonga himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanishi zarurligi qayd etilgan. Mazkur qoida O‘zbekiston Bosh qomusida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanishi, fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat yuritishi belgilab qo‘yilgan.

– Advokatlar erkin faoliyat yuritishi, himoyasi ostidagi shaxs bilan moneliksiz uchrashishi mumkinligi qonunlarimizda mavjud edi, – deydi O‘zbekiston advokatlar palatasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Sodiqov. – Amalda esa surishtiruv va tergov organlari xodimlari tomonidan bu to‘liq ta’minlanmasdi. Bunga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida e’tibor qaratib, mazkur organlarning yuzaki sabablarga ko‘ra advokatlarga to‘sqinlik qilganliklarini keskin tanqid qildi.

Darhaqiqat, aynan mana shunday omillar sabab ham advokatura hanuzgacha odamlar ishonchini qozongan huquqni himoya qiluvchi institutga aylana olmadi. Advokatlarning huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan va ular tomonidan sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishiga xalal berayotgan qator omillar hamon mavjud.

Zero, bugun hayot boshqa sohalar qatori advokatlik instituti oldiga ham to‘laqonli faoliyat yuritish talabini qo‘ymoqda. Shundan kelib chiqib, davlat tomonidan advokatura yo‘liga to‘siq bo‘layotgan g‘ovlarni olib tashlash, advokatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda.


Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni shu maqsadga xizmat qiladi.

– Farmondagi eng muhim jihat – advokatura tizimini tubdan takomillashtirish, professional yuridik yordam sifatini va advokat kasbining nufuzini oshirish, shuningdek, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga e’tibor qaratilganidir, – deydi Sh.Sodiqov. – Chunki aynan mana shu zaruriy omillar ta’minlanmasdan turib advokat talab darajasida faoliyat yuritishi qiyin.


Shu paytgacha birgina sud binosida advokat xonasi bo‘lmaganining o‘zi unga bo‘lgan munosabatni ifoda etgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Advokat sud majlisi boshlanishini boshqa ishtirokchilar qatori sud zali eshigida kutib turgan. Holbuki, u ham sudya, prokuror kabi oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan, huquqi ulardan aslo kam bo‘lmagan institut vakilidir.

– Mana shu muammo bartaraf etilgani, ya’ni endilikda sud binolarda advokatlar uchun xonalar ajratilishi soha xodimlariga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasi bo‘ldi, – deydi Sh.Sodiqov. – Bu imkoniyat advokatning sud majlisi oldidan tegishli hujjatlarni qayta ko‘zdan kechirish, majlisga puxta tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlab qolmasdan, uning hurmatini joyiga qo‘yishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Endilikda advokatlarning o‘z himoyasi ostidagi shaxslar bilan audio va videokuzatuv qurilmalari bo‘lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o‘z vaqtida va hech qanday to‘siqlarsiz uchrashishi ta’minlanadi. Bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual ko‘rib turish imkoniyati saqlanib qolinadi.

Bu nafaqat advokatlarga, balki uning xizmatidan foydalanayotgan insonlarga berilgan katta imkoniyatdir. Shu paytgacha garchi advokat mijozi bilan hibsxona, qamoqxonalarda uchrashgan, suhbatlashgan bo‘lsa-da, ammo ularning suhbatlari boshqalar tomonidan eshitilmayotgani yoki yozib olinmayotganini aniq bilmasdi. Bu mavhumlik esa ularning o‘zlarini erkin tutishiga, albatta, monelik qilgan. Aynan shu holatga barham berilishi mamlakatimizda inson huquqlariga bo‘lgan e’tibor kuchayganining yaqqol dalili bo‘ldi.

Prezident farmonidagi yana bir muhim jihat shuki, endilikda advokat o‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga qat’iy rioya etgan holda, sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga ega. (Yopiq sud majlislari bundan mustasno va qayd etilgan qurilmalardan sud binosi ichkarisida foydalanish sud jarayonini o‘tkazish tartibini buzmasligi kerak).

Advokatning zamonaviy imkoniyatlardan sud jarayonida erkin foydalanishi dalillarni asoslash, isbotlashda yangi imkoniyatlar ochadi. Bu himoya huquqi kuchayishini ta’minlovchi muhim omillardan biriga aylanadi.

Advokatlarning malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, davlat va boshqa organlardan hamda korxona, muassasa va tashkilotlardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar yoki ularning nusxalarini olish uchun so‘rovlari so‘rov qabul qilingan paytdan boshlab ko‘pi bilan o‘n besh kun muddatda bajarilishi shart. Davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bundan mustasno.

Shu paytgacha advokatlarning turli tashkilotlarga yo‘llayotgan so‘rovlari ko‘p hollarda, eng avvalo, davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan e’tiborsiz qoldirilayotgani yangi tartibning ahamiyati nechog‘li katta ekanini anglatadi. Qolaversa, advokat so‘rovini ko‘rib chiqishning aniq tartibi va muddatlari, bilaturib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborotni taqdim etganlik uchun javobgarlik belgilanmagani ham advokatning faoliyatiga soya solib kelgan.

Alohida qayd etish kerakki, 2018 yil 1 iyuldan boshlab advokat nizolarni sudgacha hal qilish, tomonlarni yarashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi. Advokat tomonlardan birining vakili bo‘lgan holatlar bundan mustasno, albatta.

Avval advokatda bunday huquq bo‘lmagani, yarashuv uchun faqat tomonlardan biri sudga murojaat qilishi mumkinligi, advokatni yarashuv institutida ishtirok etishini cheklagan. Shu bilan birga, advokat qarshi tomon bilan muloqotga kirishishi qonun bilan taqiqlangan. Bu esa, tabiiyki, tomonlarni yarashtirish bo‘yicha advokat hatto harakat ham qila olmaganini anglatadi.

– Endilikda bunday yangi imkoniyatlar, advokat so‘roviga mansabdor shaxslarning jiddiy yondoshishi talab etilishi himoyaga oid dalillar sifati oshishiga, himoya huquqi kuchayishiga yo‘l ochadi, – deydi Sh.Sodiqov. – Advokatning tomonlarni yarashtirish choralarini ko‘rishi esa ularning manfaatlarini ta’minlab qolmasdan, sudlarda ishlarining keskin kamayishiga olib kelishishiga aslo shubha yo‘q.

Farmon asosida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oyga qisqartiriladigan bo‘ldi. Bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etiladi.

Litsenziyani tugatish uchun asos bo‘ladigan advokat tomonidan uzrli sabablarsiz o‘z kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati amaldagi uch oydan olti oyga uzaytirildi.

Advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartirilmoqda.

Advokat so‘roviga ko‘ra ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatiga asosan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Bu imkoniyatlar ham soha vakillarining erkin faoliyat yuritishiga, yurist kadrlarning advokatlik bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ishtiyoqi oshishiga xizmat qiladi.


Advokatlar palatasi vakilining qayd etishicha, bu jarayonda palata o‘ziga xos o‘rin tutib, advokatlarning manfaatlari ta’minlanishi, ular uchun barcha zarur shart-sharoitlar ta’minlanishiga oid amaliy ishlarni boshlagan.

Ayni paytda faoliyat yuritayotgan 1,6 ming advokatlik tuzilmasi, ularda xizmat qilayotgan 4 mingga yaqin advokatlarning huquqlarini himoya qilish, ularning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonuniy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘radi.

Advokatlarning malaka darajalarining ta’sis etilish soha xodimlarining o‘z kasbini sidqidildan ado etishiga, sifatli yuridik xizmat ko‘rsatishga rag‘batlantiradi.

Bularning barchasi jamiyatimizda advokaturaning roli va o‘rni mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Advokatlik tuzilmalari va advokatlar tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatishini rivojlantirish mexanizmi yaratilishi esa barchaning himoya huquqidan bahramand bo‘lishini ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, endilikda himoya huquqi faqat qoo`ozda emas, amalda ta’minlanadi. Buning uchun barcha sharoit yaratilishi bilan birga soha vakillari zimmasiga yuksak mas’uliyat ham yuklandi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 818