O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Hayvonlarni identifikatsiya qilish Butun jahon savdo tashkiloti qo‘ygan talablardan biri

Hayvonlarni identifikatsiya qilish Butun jahon savdo tashkiloti qo‘ygan talablardan biri

Hayvonlarni identifikatsiya qilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslar qo‘lidagi chorvani bosqichma-bosqich identifikatsiya qilinishini tashkil etish, bu borada yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yagona elektron axborot tizimini joriy qilish, xodimlar malakasini bosqichma-bosqich oshirish bunda juda muhim.

O‘zbekiston Butun jahon savdo tashkiloti (BST) ga a’zo bo‘lishi uchun mazkur tashkilot qo‘ygan talablarning bittasi ham aynan mamlakatdagi barcha hayvonlar xalqaro standartlar va talablar asosida to‘liq identifikatsiya qilinishi, hisobga olinishi va hisobdan chiqarib borilishi shart.

Identifikatsiya qilingan har bir hayvonga veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.

“Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ”Veterinariya pasporti - hayvonga berilgan identifikatsiya raqamiga muvofiq rasmiylashtirilgan, hayvon egasining ism-sharifi, yashash manzilini belgilovchi, hayvonlarning kasalliklarga qarshi profilaktikasi va ularni emlash, davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etib boriladigan, hayvonning yashash davri davomida saqlanadigan hujjat hisoblanadi.

Identifikatsiya - birkalash, tavro bosish (tamg‘alash), jeton berish (jetonlash) va chip o‘rnatish (elektron identifikatsiya) orqali hayvonlarni aniqlash imkonini beradigan individual raqam berish, shuningdek hayvonlar to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron axborot tizimiga kiritish va ularga veterinariya pasportini rasmiylashtirishdir.

Individual raqam – birkalash, tavro bosish (tamg‘alash), jeton berish (jetonlash), va chip o‘rnatish (elektron identifikatsiya) orqali hayvonlarni aniqlash imkonini beradigan harflardan va sakkiz xonali raqamdan iborat kod.

Hayvonlar - jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan asrab, ko‘paytiriladigan hayvonlar, ya’ni otlar, tuyalar, qoramollar, eshaklar, cho‘chqalar, it va mushuklar.

Hayvon egalari – hayvonlarni o‘z ehtiyoji yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun boqish, ko‘paytirish va saqlashni amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar.

Hayvonlarni hisobga qo‘yish - hayvonlarni identifikatsiya qilish va elektron axborot tizimiga hayvon haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, unga berilgan identifikatsiya raqami va identifikatsiya qilinganligi to‘g‘risida berilgan hujjatlar yoki tegishli yozuvlar qayd etilgan veterinariya pasporti haqidagi axborotlarni kiritish.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2019 yil 27 avgustda ro‘yxatdan o‘tgan Nizomga muvofiq har bir bosh ot, tuya, eshak va qoramol uchun respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizini yoki 4360 so‘mni tashkil etadi. Bir bosh qo‘y va echkilar uchun bu to‘lov respublikada belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 foizini, it va mushuklar uchun 1 foizini tashkil etadi.

Hayvonlarni identifikatsiyalash ichki va tashqi bozorga chiqarilgan chorvachilik mahsulotlarini qaysi hayvondan olinganligi, u identifikatsiyalanganmi, hisobga olinganmi, sog‘lommi, kasal bo‘lmaganmi, majburiy so‘yilmaganmi, undan olingan mahsulotlar iste’molga yaroqlimi va boshqa shunga o‘xshash savollarga zudlik bilan javob olish imkoni beradi.

O‘zbekiston Respublikasi fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda aholi xonadonlaridagi har bir hayvon identifikatsiyalanishi va hisobga olinishi shart. Bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi muhim tadbir hisoblanadi.

Husanjon G‘IYoSOV,
Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi

1 409
O‘zA