O‘zA O`zbek

25.05.2020 Chop etish versiyasi

Hayratomuz chizgilar

Hayratomuz chizgilar

Samarqanddagi Oʻzbekiston madaniyati tarixi muzeyida boʻlganmisiz? “Ha” degan javobga ogʻiz juftlayapsizmi, demak, baxtli insonsiz! Chinakam hayratdan bahramand boʻlgansiz!

Qadimiy ashyolaru eksponatlarning noyobligi haqida soʻz ochmoqchidir, desangiz yanglishasiz.

Gap bu maskandagi ajoyib suratlarda! Oʻtgan asrning 60-yillari oʻrtalaridan boshlab qadimiy va navqiron kentdagi Mirzo Ulugʻbek nomli memorial muzeyga zeb bergan bu asarlar hozir ana shu manzilda saqlanyapti.

Pannoni koʻrishingiz bilan xuddi XV asr muhitiga tushib qolgandek his qilasiz oʻzingizni. Qarshingizda osmon jismlarining harakatini, samo tilsimotlarini kashf qilgan buyuk olim — Mirzo Ulugʻbek siymosi... Katta pannoda Samarqandning Koʻhak tepaligidan yulduz va sayyoralarni kuzatib turgan ulugʻ munajjim tasviri. U bor diqqat-eʼtiborini samoviy mavjudotlarga qaratgan. Ularning har biri oʻz nomiga koʻra goh oqqush, goh goʻzal, goh zebo, goh kamondan oʻq uzmoqchi boʻlgan yigit tasvirini ifodalagan.

Boshqa bir pannoda Ulugʻbek oʻzga mamlakat elchilarini qabul qilmoqda. Tolibi ilmlarga saboq berayotgan, meʼmor va olimlar bilan rasadxona loyihasini koʻzdan kechirayotgan Ulugʻbek siymosini ham shu yerda koʻrishingiz mumkin.

Tasvirlardagi kishilar, ashyolar yoki interyer detallari shaklan boʻrttirib berilmay, balki yassi tarzda ifodalangan. Shakl nur va soya yordamida emas, tasvir chegarasini aniq bildiruvchi chiziq orqali amalga oshirilgan.

Oʻzbekiston va Tatariston xalq rassomi, isteʼdodli moʻyqalam sohibi, professor Chingiz Axmarov ijodiga mansub bunday asarlar nafaqat Samarqand, balki mamlakatimizning boshqa koʻplab noyob meʼmoriy inshootlariga ham sayqal berib turibdi. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek davlat akademik opera va balet teatri, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, Toshkent metropolitenining Alisher Namoiy nomli bekati, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy-tekshirish instituti, Buxoro shahridagi gazchilar madaniyat saroyi, Moskva metrosi, Rossiya poytaxtidagi “Ukraina” mehmonxonasi, Krasnoyarsk shahri markazidagi “Vesna” restorani, Sochidagi “Oʻzbekiston” mehmonxonasi va boshqa qator binolarda Chingiz Axmarovning devoriy suratlarini uchratasiz.

Yaqinda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti Sodiqjon Rahmonov ana shu asarlarni bir kitobga jamlabdi. “Chingiz Axmarov mahobatli rangtasvir asoschisi” nomli ushbu kitobdan taniqli musavvirning 100 dan ortiq asarlari oʻrin olgan.

Shuningdek, unda Chingiz Axmarovning ijodiy faoliyati haqida ham hikoya qilinadi.

10 151
OʻzA