O‘zA O`zbek

31.08.2018 11:53 Chop etish versiyasi

Hayotimiz mazmuni kinolarda aks etadi

Hayotimiz mazmuni kinolarda aks etadi
Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Mustaqillik yillarida koʻp ezgu orzu-umidlarimiz roʻyobga chiqdi. Xususan, adabiyot, sanʼat, maʼnaviyat sohasidagi yuksalish tahsinga sazovor.

Aytish joizki, istiqlol yillarida kino sohasida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Rejissyorlarimiz tomonidan turli mavzularda badiiy, hujjatli, qisqa metrajli filmlar suratga olinib, xalqaro kinofestivallarda ishtirok etildi. Yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar ilgʻor tashabbuslarga yoʻl ochmoqda.

2017-yil 3-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvi, ayniqsa, madaniyat va maʼrifat, adabiyot va sanʼat sohasida yangi islohotlar davrini boshlab berdi.

Bugun milliy kino sanʼati yangicha ruhda jadal rivojlanish bosqichida. Prezidentning 2017-yil 7-avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim asos boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida 2017-yil 29-dekabr kuni milliy kino sanʼati va kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishni soha mutaxassislari yaxshi eslaydi.

– Oʻtgan qisqa davr mobaynida milliy kinematografiyaning huquqiy bazasi yangilanib, zamon talabiga moslashtirildi, – deydi “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov. – Hozirda “Oʻzbekkino” milliy agentligi tasarrufidagi bino va inshootlar, pavilon va kinoteatrlarni rekonstruksiya, restavratsiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, milliy kino sanʼatimizni rivojlantirish uchun yetarlicha imkon mavjud. Kinolarimiz sifatini oshirish maqsadida davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan barcha loyihalar Badiiy kengash muhokamasidan oʻtgandan keyingina moliyalashtirilmoqda. Bu esa, ijod jarayonida obyektivlik va shaffoflikni taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. “Oʻzbekkino” milliy agentligi bugungi kunda mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha kinostudiyalar bilan hamkorlik qilib keladi.

...“Uch shahar" loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga asosan xalq diplomatiyasi, etnoshahar hamda kinoshaharcha quriladi. Demak, fimlarni suratga olish jarayoni takomillashib, sifat va mazmun yaxshilanadi.

– Soha rivoji uchun yetarlicha mablagʻ ajratilgan, – deydi “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev. – Turli mavzularda, rang-barang yoʻnalishda, ayniqsa, tarixiy kinoasarlar yaratish uchun iqtidorli mutaxassislarni jalb qilayapmiz. Xalqimiz ardoqlagan buyuk allomalar va atoqli shaxslar haqida badiiy filmlar yaratilmoqda. Tez orada bu filmlar tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilinadi. Hindiston va Yaponiya kinoijodkorlari bilan hamkorlikda kinolar ishlanmoqda. Bu kinolar xorijda ham namoyish etiladi.

Mohigul Qosimova, OʻzA
1 185