O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Hayotimiz korrupsiya bilan parokanda bo‘lmasin...

Hayotimiz korrupsiya bilan parokanda bo‘lmasin...

"Sizdan ugina, bizdan bugina". Bu maqol pora olish va berishda “fidoyilik” ko‘rsatayotganlar uchun topib aytilgandek, go‘yo. Nega deysizmi?

Tibbiy ko‘rikdan o‘tishim kerak. Lekin navbat ko‘p. Hamma shifokor qabulida bo‘lishga vaqt yetmaydi. Ishxonadan ruxsat so‘ramaganman. O‘z vaqtida yetib borishim kerak. Xo‘sh, nima qilaman? ...Keyin tibbiyotda hamma pora oladi, deb koyinaman, albatta.

Farzandim maktabga, maktabgacha ta’lim maskaniga boradi. Albatta yil davomida turli bayramlar bor. Nazarimda, sovg‘a-salom qilib turmasam bolamning kundaligi, jurnal yomon bahoga to‘lib ketishi mumkindek. Bog‘chada esa bolamga ko‘proq e’tibor bersin, urishmasin deyman. Keyinchalik ularning o‘zi nimadir so‘rab qolsa, “o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deb nolib qo‘yaman.

Yo‘l qoidasini buzdim. YPX xodimi jarima qo‘llashi kerak. Ammo “bir marta kechira qoling, yozib ovora qilmang, o‘zingiz olib qo‘ya qoling...” deyman. Albatta, bu birinchi marta emas-ku. O‘rganib qolganman.

Endi men ham kimningdir ishini bitirib berganim uchun “rozi” qiladi. Nima bo‘pti? Xullas, ba’zan biz qistiramiz, ba’zan bizga qistirishadi. Bu jarayon navbatma-navbat amalga oshaveradi.

O‘zim haqimda gapirdim. Lekin siz ham shu kabi yoki bundan ham jiddiyroq vaziyatlarga tushgan, korrupsiyaga yo‘l ochgan, ishtirokchisi bo‘lgandirsiz, ehtimol.

Bu illatni qanday qilib yo‘q qilish mumkin?

Hamma o‘z ishini o‘z vaqtida qilsa, nazoratni o‘zidan boshlasa, qonunlar o‘z vaqtida va to‘laligicha ishlasa, bu muammoni bartaraf etish imkoni bo‘lar, ehtimol. O‘zgalardan qonunga rioya qilishni, halol bo‘lishni, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilayotgan vaqtimizda, o‘z xatoyimizni ko‘ra olishimiz kerak.

"Bor tovog‘im, kel tovog‘im"

Bu oldi-berdilar oqibatida “tovoq” bir necha bor yerga tushib sindi, chil-chil bo‘ldi. Ammo esini yig‘maydiganga farqi yo‘q ekan-da. 

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul kilingan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni hamda davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida barcha tashkilotlarda turli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

...Bo‘stonliq tumani Davlat soliq inspeksiyasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan davlat solik inspektori K.Yo‘lchievga 2019 yil 20 iyun kuni noma’lum fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, tadbirkorlik qilish niyati borligini, unga "rahnamolik" qilib turishi evaziga oyiga 500 AQSh dollaridan berib turishini ma’lum qilgan.

DSI xodimi K.Yo‘lchiev mazkur holatdan shubhalanib, vaziyat bo‘yicha viloyat davlat soliq boshqarmasi rahbariyati hamda tegishli organlarni o‘z vaqtida xabardor qilgan. Shundan so‘ng ushbu holat tegishli organlar tomonidan nazoratga olinib, 29 iyul kuni pora taklif qilayotgan fuqaro K.Yo‘lchievning xizmat xonasida unga 900 AQSh dollarini pora tariqasida berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bu vaziyatda soliq tizimi xodimlarining hushyorligi va tezkorligi sabab korrupsiya holatining oldi olindi.

Toshkent viloyati DSB xabariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi va korrupsion holatlar sodir etilishiga moyilligi bo‘lgan mansabdor shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari va aholi o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda.

Boshqa tashkilotlar ham bu borada samarali natijalarga erishayaptimi? Jamiyatdagi biz bilgan yoki bilmagan holatlar qancha?

Yirik korrupsiyalar so‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, faollar, ommaviy axborot vositalari e’tiborini jalb etadi. Yirik miqdordagi korrupsiyalarga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ham yanada kuchaytiriladi. Avvalo, yirik korrupsiyadan farq qilgan holda, har kuni sodir etiladigan kichik miqdorni tashkil etadigan "mayda" korrupsiyaga yechim topish kerak, nazarimizda.

2 339
Barno MELIQULOVA, O‘zA