Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 18:05 Chop etish versiyasi

Hayotidan rozi xalq buyuk ishlarga qodir

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-fevraldagi “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida “Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”, deb ta’kidladi.

Prezidentimizning mazkur qarori ushbu so‘zlarning amaliy tasdig‘i sifatida, aholining farovon hayotini ta’minlash, odamlar bilan doimiy muloqot qilish, ularning qonuniy talablari, so‘rov va takliflarini amalga oshirish, xalqimizni rozi qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.

Qarorda pensionerlar, talabalar va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli va samarali himoya qilish, aholiga tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga doir qat’iy choralar belgilangan.

Mamlakatimizning ko‘plab hududlaridagi savdo shoxobchalarida plastik kartochkalar yordamida yagona tartibda bank operatsiyalarini o‘tkazish imkonini beruvchi zamonaviy bank texnologiyalari o‘rnatilgan. Plastik kartochkalar, to‘lov terminallari va boshqa jihozlarni yuqori darajada himoyalash bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Ammo moliyaviy munosabatlarning erkinlashayotgani, savdo va xizmat ko‘rsatish tizimi tobora takomillashayotgani ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni asossiz ravishda plastik kartochkalarga o‘tkazaverish kerak degani emas. Yurtimizning ba’zi tog‘li va olis hududlaridagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari to‘liq to‘lov terminallari, bankomat va infokiosklar bilan ta’minlanmagan. Terminallar o‘rnatilgan ba’zi shoxobchalarda esa tovar va xizmatlarning narxini asossiz ravishda oshirish hollari uchramoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ishga tushganidan buyon unga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni o‘z vaqtida to‘lamaslik, to‘lovlarni plastik kartochkalarga asossiz ravishda o‘tkazish holatlari ko‘paygani, to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmagani bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

Prezidentimiz qarorida 2017-yil fevral oyidan boshlab, fuqarolarga barcha turdagi pensiyalar, 58 tog‘li va olis tumanlarda joylashgan byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, shuningdek, ushbu tumanlar aholisiga ijtimoiy to‘lovlar ham hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi belgilandi.

– Tog‘li hududda yashaganimiz bois hadeganda shaharga tushaverishga vaqtimiz ham, imkonimiz ham bo‘lavermaydi, – deydi baxmallik Sherali Xalilov. – Ammo deyarli har kuni ro‘zg‘orga ul-bul narsa zarur bo‘lib turadi. Qishlog‘imizda kichik do‘konlar, xo‘jalik mahsulotlarini o‘zidan orttirib bozorga olib chiqadigan dehqonlar ko‘p. Zarurat tug‘ilganda ular mushkulimizni oson qiladi. Meva-cheva, poliz mahsulotlari, kundalik turmush uchun kerak bo‘lgan narsa-buyumlarni ulardan sotib olamiz. Biroq, masala shundaki, ularda to‘lov terminallari yo‘q. Ustiga-ustak, tog‘li hudud bo‘lgani sabab, goh shamoldan, goh bo‘rondan simlar uzilib, terminallar ishlamay, naqd pulda savdo qilishimizga to‘g‘ri keladi. Prezidentimizning qaroriga muvofiq, endi ish haqimizni to‘liq naqd pulda oladigan bo‘ldik. Bu hayotimizning yanada farovonlashishiga xizmat qiladi.

Xalqimiz yoshi ulug‘ insonlarni yuksak qadrlaydi. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rsa, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom beradi, davralarda to‘rga o‘tqazadi. Prezidentimizning yangi qarori xalqimizga xos ana shunday ezgu fazilatlarning, keksa avlod vakillariga bo‘lgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

– Davlatimiz rahbarining qarorini o‘qib, juda xursand bo‘ldim, – deydi poytaxtlik Shofayz ota Tursunov. – Negaki, biz, keksalar o‘z pensiyamizni naqd shaklda olsak, og‘irimiz yengil, uzog‘imiz yaqin bo‘ladi. O‘zim o‘qituvchilikdan pensiyaga chiqqanman. Kiyim-kechak deysizmi, oziq-ovqat, meva-cheva deysizmi, barcha ro‘zg‘or xaridlarini bozordan olishga odatlanganmiz. Bozorda dehqonning har biri terminal qo‘ltiqlab yurmasligi o‘zingizga ma’lum. Nevaralarim ba’zan pul so‘rab chopib kelishganda ham o‘ylanib qolardim. Yosh bolaga plastik kartochkani ishonib bo‘lmasa! Endilikda bu kabi muammolar tug‘ilmaydi. Bu ham nuroniylarimizning hayotdan rozi va xursand bo‘lib yashashiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz qarori taraqqiyotimiz tayanchi, bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu muhim hujjatda oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda naqd shaklda to‘lanishi belgilangan.

– Stipendiyamizning yarmi naqd shaklda berilishi to‘g‘risidagi Prezidentimiz qarorini o‘qib, biz, talabalar juda quvondik, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Diyor Mavlonov. – Endi qalam, ruchka, daftar va boshqa o‘quv qurollari sotib olish uchun katta-katta do‘konlar, supermarketlarni aylanib, vaqtimizni ketkazib yurmaymiz. Universitetimiz hududida joylashgan kichik savdo shoxobchalaridan naqd pulga xarid qilaveramiz. Bizni tushungan, bilim olishimiz uchun keng sharoitlar yaratgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Qarorda yuqorida qayd etilgan masalalardan tashqari, hududlarda shakllangan ish haqini naqd shaklda hamda plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashdagi nisbatlar tanqidiy qayta ko‘rib chiqish belgilangan. Bu jarayonda odamlar o‘z ish haqidan foydalanishda muammolarga duch kelmasligi va o‘zlariga kerakli tovar va xizmatlarni erkin xarid qilishlari uchun mavjud to‘lov terminallari infratuzilmasi hisobga olinadi.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi Bosh prokuratura tomonidan qat’iy nazoratga olinadi.

Ha, odamlarning og‘irini yengil qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash aholining davlat va jamiyatga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Ularni Vatanimiz ravnaqi, hayotimiz farovonligi yo‘lida bor kuch va salohiyatidan foydalanib yashashga, ishlashga undaydi.

Dilshod Karimov, O‘zA
1 655






Все о погоде - Pogoda.uz