Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2018 15:26 Chop etish versiyasi

Hayotdagi zo‘ravonliklar ekrandagi zo‘ravonliklardanmi?

Kinosanoat insonning turmush tarzi va fikrning shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kinomagnatlar film yaratar ekan millionlab mablag‘ ishlab olishni ko‘zlaydilar. Doholardan biri “San’atlar ichida biz uchun eng muhimi kino”, degan edi. Mana shu san’atdan bugun zo‘ravonliklarni targ‘ib qilishda foydalanishmoqda.

Biz kommunikatsiya tizimi taraqqiy etgan zamonda yashyapmiz. Deyarli har kuni Internetda, ommaviy axborot vositalari orqali dunyoning u yoki bu mamlakatida kattalar va bolalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlardan xabardor bo‘lib turibmiz. Har kuni jahonda turli qotillik, zo‘ravonlik, qonli to‘qnashuv, otishma, o‘g‘irlik bilan bog‘liq noxush hodisa yuz berib turadi. Mana shu kabi ko‘ngilsiz voqea-hodislarning paydo bo‘lishida ma’lum ma’noda kinofilmlarning ham ta’siri bor. Shu o‘rinda, 1987-yilda ekranlarga chiqarilgan “Kaputsinlar xiyobonidagi kishi” filmini misol sifatida keltirib o‘tish mukin.

Film qahramoni mister Jonni Fyost AQSHning yovvoyi G‘arbidagi shaharlardan birida kinoteatr ochib, mast-alast, urish-janjallar bilan shug‘ullanib keluvchi mahalliy aholiga ezgulikni targ‘ib qiluvchi filmlarni namoyish qila boshlaydi. Shu tariqa kino odamlarni tarbiyalashga xizmat qilishi targ‘ib qilinadi. Haqiqatan ham mo‘jiza yuz berib, jinoyatchilik avj olgan shaharda ma’naviy yuksalish boshlanadi. Bezorilar yangi hayot boshlaydi. Ammo bu jarayon uzoq davom etmaydi. Fyost bir necha kun shaharni tark etadi. Qaytganda shahar ostin-ustun bo‘lib ketgan edi. Mister Sekond ismli shaxs shaharga jangarilik, dahshatli ko‘rinishlar aks etgan filmlarni olib kelib, namoyish qilayotgan edi. Aholi bir zumda ortga qaytgan – shaharda zo‘ravonlik, mast-alast yurishlar, boshboshdoqlik yuzaga kelgan edi. Endi kino ma’naviyatni emas bosqinchilikni targ‘ib qilayotgandi. Fyost shaharni tark etishga majbur bo‘ladi.

Shu o‘rinda, agar tarjima qilinmagan bo‘lsa, hali ham kech emas, mana shu filmni o‘zbekchalashtirib, tez-tez televideniye orqali namoyish qilib turish kerak, degan fikrni bildirmoqchiman.

2012-yilda Kolorado kinoteatrida yuz bergan otishma jangari filmlarning inson ruhiyatiga salbiy ta’siri haqidagi bahslarga moy sepgandek bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda qotillik sodir etgan Jeyms Xolms ismli shaxs Betmen xaqidagi filmlarni tomosha qilganidan so‘ng, o‘zi ham film qahramoni singari harakat qilishni istab qolgan. Floridadagi ruhiy salomatlik markazlaridan birining prezidenti, jangari filmlarning inson ruhiyatiga ta’sirini o‘rganib kelayotgan doktor Jey Rivning so‘zlariga qaraganda, bu kabi filmlar odamlarni zo‘ravonliklarga targ‘ib qilar ekan. “Bu kabi filmlarni tomosha qiladigan odamlarning yashirin nozik jihati bor. Mana shu pinhona nozik jihat ularni film qahramonlaridek bo‘lishga undaydi”, deydi mutaxassis.

2002-yilda Vashington yaqinida bir o‘smir 10 kishini otib tashlagan edi. Mazkur ishni tekshirgan tergovchilarning fikricha, o‘smir “Matritsa” (The Matrix) ilmiy-fantastik trillerini tomosha qilganidan so‘ng, mana shu qotillika qo‘l urgan. “Zo‘ravonliklar aks etgan filmlar, teleko‘rsatuvlar, videoo‘yinlar zo‘ravonlik xavfini kuchaytiradi”, deydi Michigan universitetining psixologiya bo‘yicha professsori Rouell Xyusman. Shu o‘rinda 1981-yilda prezident Ronald Reyganning hayotiga suyuqasd qilganlikda aybdor, deb topilgan Jon Xinkli “Taksist” (Taxi Driver) filmidagi qahramonga o‘xshamoqchi bo‘lgani aytiladi. 1999-yilda Koloradodagi maktablardan birida yuz bergan ommaviy qotillikni o‘rgangan tergovchilarning aytishicha, o‘z maktabdoshlariga o‘q otgan o‘smirlardan biri kundaliklarida “Qotil bo‘lib tug‘ilganlar” (Natural Born Killers) filmi haqida yozib qoldirgan. Qurbonlar hamda jabrdiydalarning ota-onalari esa otishmani uyushtirgan har ikki qotilga “Basketbolchining kundaligi” (The Basketball Diaries) filmi ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Dahshatli filmlar inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kino odamlarni o‘zgartirib yuboradi: yo bor qiladi, yo yo‘q. Mutaxasssilar bir guruh odamlar ishtirokida eksperiment o‘tkazdi. Ularga hujjatli, melodramma va jangari filmlar ko‘rsatildi. Shundan so‘ng ulardan analiz uchun qon olindi. Melodrama va hujjatli filmlardan so‘ng odamlar qonida o‘zgarish bo‘lmagan. Jangari film tomoshasidan k

yeyin qondagi antitel miqdori oshib ketgan. Psixologlarning aytishicha, dahshat filmlarni tomosha qiluvchilar tajavuzkor bo‘lar ekan. Mana shularni inobatga olgan Xitoy xukumati bir qator dahshatli filmlar namoyishini to‘xtatib qo‘ydi. Texas universitetida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, dahshatli filmlar inson asabi uchun trening vazifasini bajarar ekan. Ming afsuski, so‘nggi yillarda qo‘rqinchli filmlar ishqibozlari ortib bormoqda.

Kino ko‘chma ma’noda ham, to‘g‘ri ma’noda ham hayot demakdir. Kino insonga ham salbiy, ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Olimlarning fikricha, filmlar odamlarga o‘z muammolarini bir zum bo‘lsa-da unitishga xizmat qilib, kayfiyatini ko‘taradi. Buning uchun film qaysi janrda bo‘lishining farqi yo‘q.

To‘g‘ri, ekrandagi zo‘ravonliklarni har kim o‘zicha tushunadi. Lekin hammani ham o‘zingizga o‘xshatishingiz kerak emas. Filmda aks etgan hodisalarni Siz to‘g‘ri ma’noda qabul qilsangiz, boshqa birov bu zo‘ravonliklarni noto‘g‘ri talqin qilishi mumkin. Eng xavflisi ham mana shunda. Bostondagi Shimoliy-Sharqiy universitet professori, kriminolog Jeyms Foks “Ko‘pchilik hayotiy reallik bilan fantaziya o‘rtasidagi farqni ajrata olmaydi” degan fikrni aytadi.

Odamlar ruhiyatini yaxshi o‘rgangan, o‘zlarini Islom davlati, deb ataydigan terror tashkiloti Iroqning Mosul shahrida faqat zo‘ravonliklar aks etgan filmlar namoyish etiladigan kinoteatr ochdi. Shavqatsiz filmlar namoyish etish orqali terrorchilar o‘z saflariga yangidan yangi kallakesarlarni jalb qilishga urinmoqda. Bu kabi filmlarni tomosha qilgan yoshlar itoatkor bo‘lib qolar ekan. Ruhshunoslarning fikricha, filmlar tomoshasidan keyin inson ruhiyatidagi instinkt uyg‘onishi mumkin. Filmlardagi zo‘ravonliklar, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Vaziyatni o‘rgangan mutaxassislarning fikricha, imkon qadar jinoyat va jazo ruknidagi ko‘rsatuvlarni ham kamaytirish kerak. Bu kabi ko‘rsatuvlarda dahshatli jinoyatlar haqida ma’lumot berilar ekan, jurnalist katta ish qilganidan faxrlanishi mumkin. Ammo bu kabi ma’lumotlar ko‘p hollarda ko‘pchilik uchun o‘quv qo‘llanmasi bo‘lib qolayotganidan ham ko‘z yumish kerak emas. O‘tgan asrning 80 yillarida AQSHda mahbuslar o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, jinoyatchilarning 63 foizi teleqahramonlardan o‘rnak olib, jinoyat sodir etganliklarini ta’kidlashgan bo‘lsa, 22 foizi filmlardagi jinoyat texnologiyasidan foydalanganini aytishgan.

Shu o‘rinda bolalarga mo‘ljallangan multfilmlardan ham ehtiyot bo‘lish lozimligi aytiladi. Masalan, 1942-yilda ilk bor ekranga chiqarilgan “Tom va Jerri”ga nisbatan o‘z vaqtida “kartondagi zo‘ravonlik” iborasi ishlatilgan edi. Bu multfilm bolalardan ko‘ra ko‘proq kattalarga mo‘ljallangan deguvchilar ham bor. Xorijiy multfilmlarda tajovuzkor va behayo sahnalar borligidan aslo ko‘z yumish kerak emas. Bu kabi multfilmlarni bolalarga aslo ko‘rsatib bo‘lmaydi. Zo‘ravonliklar aks etgan multfilmlarni tomosha qilib katta bo‘lgan bolalardan nimalarni kutish mumkin?

Ekrandagi zo‘ravonlik hayotdagi zo‘ravonliklarni keltirib chiqaradi, demoqda psixiatr va psixologlar. Ularning gaplarida jon bor. Kimdir kinoni xuddi adabiyot va musiqa singari san’at asari sifatida qabul qilsa, boshqa birov zo‘ravonlik targ‘ibotchisi sifatida qabul qiladi. Haqiqatan ham zamonaviy televideniye va kinematografiya katta kuchga aylandi. Kino dunyoqarashning shakllanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga katta muammo ham borki, u ham bo‘lsa, filmda aks etgan voqea-hodisalarni qanday qabul qilinishidadir. Shu sababli so‘nggi vaqtlarda keng jamoatchilik ommaviy axborot vositalarining, birinchi navbatda, televideniye va kinofilmlarning bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida bong urmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda, televizor bolalar uchun asosiy axborot manbai bo‘lib qolgan. Masalan, Rossiyada bolalar bir kunda o‘rtacha 3-5 soat, Polsha 2-4 soat televizor qarshisida o‘tirsa, AQSHda esa bolalar o‘zlarining vaqtlarini darsdan ko‘ra ko‘proq televizorga sarflashar ekan. Shvetsiyada o‘quvchilar 10 yillik o‘qish davomida 18 ming soatni televizor qarshisida o‘tkazishi ma’lum qilindi. O‘tkazilgan tadqiqotlarda qatnashgan bolalar televizordan ota-onalari, do‘stlari yoki o‘qituvchilaridan ko‘ra ko‘proq ma’lumot olishlarini aytishadi.

Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi ma’lumotlariga qaraganda, o‘quvchi maktab davrida televizor orqali o‘rtacha 8 mingta qotillik va 100 ming zo‘ravonliklarni tomosha qilar ekan. Tadqiqotchilar televideniye axloqsizlikni targ‘ib qilishini ham tan olishadi.

Shu o‘rinda ayrim seriallarda erning xotinga, xotinning erga qilgan xiyonatlarini namoyish qilish nazarda tutiladi. Sotsiologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, yoshlarning 58 foizi film qahramonlarining hatti-harakatlarini takrorlashga urinishadi.

Ayrim telekompaniyalar axloq me’yorlariga rioya qilmagan holda, chegaradan chiqib ketmoqda. Masalan, AQSHda 1998-yilning 1 may kuni erta tongda bir qator telekompaniyalar bolalarga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarini uzib qo‘yib, Los Anjelesdagi ko‘chada o‘z joniga qasd qilgan erkakni ko‘rsata boshladi. O‘shanda bolalar qo‘lda qurol bilan ko‘chada o‘tkinchilarga tahdid qilgan holda chopib yurgan va oxir-oqibat o‘z miyasiga o‘q otib, ko‘chani qip-qizil qonga bo‘yagan erkakni tomosha qilishga majbur bo‘lgan edi. To‘g‘ri, keyinchalik telekompaniyalar ota-onalardan kechirim so‘radi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Biroq hozirga kelib bir qator xorijiy mamlakatlarda bu kabi ko‘rinishlar odatiy holga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda AQSH maktablari, ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoki talaba tomonidan sodir etilayotgan otishma va qotilliklar odatiy holga aylanib borayotgandek. Ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, televideniyening salbiy ta’siri natijasida jinoyatchilik avj olmoqda. Olimlarning aytishicha, har qanday mamlakatda bugun ko‘rsatilgan zo‘ravonlik holati 10-15 yil o‘tib o‘z ta’sirini ko‘rsatar ekan. Bu borada Janubiy Afrika va Kanadada o‘tkazilgan tadqiqotlar misol sifatida keltiriladi.

Bugungi kunda Internet ham bolalar uchun xavfli bo‘lib bormoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, Internet va kompyuter o‘yinlari bolalarning ko‘ngilxushlik maskani bo‘lib qoldi. Virtual dunyo bilan oshno bo‘lgan bolalar o‘z jonlariga qasd qilishdan qaytmasligi borasida kattalar ogohlantirilmoqda. Internetga mubtalo bo‘lgan bola monitor oldidagi vaqtini nazorat qila olmay qoladi. Qotilliklar, qon to‘kilishlari, shahvoniy ko‘rinishlar aks etgan o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lgan bolalar sog‘lig‘i va hayotini garovga tikib, hayotda ham shunday qilishga intiladi.

Jamiyat bolalarni o‘yinlar girdobidan olib chiqmoqchi bo‘lsa, u holda ota-onalar, o‘qituvchilar, mahalla-kuy, umuman olganda keng jamoatchilik oyoqqa turishi kerak. Buning uchun mutaxassislar “kattalar bolalar uchun vaqt ajratib, ularning nimalar bilan shug‘ullanayotganini nazorat qilishlari lozim” degan fikrlarni aytishadi. Davlat zo‘ravonliklar aks etgan filmlarni taqiqlayotgan bo‘lishiga qaramay, ota-onalar farzandlariga vaqt ajratmas ekan, u holda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermaydi. Ota-onalar o‘zlari namuna ko‘rsatgan holda ezgu ishlarni qilishlari kerak. Bolalar bizning kelajagimiz. Agar o‘z vaqtida axloqsizlik, zo‘ravonliklarni targ‘ib qiluvchi film, ko‘rsatuvlar to‘xtatilmas ekan, u holda bolalarning porloq kelajagiga rahna solinishi mumkin.

Sharofiddin To‘laganov

2 174