Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 16:43 Chop etish versiyasi

Hayot manbai ardog‘i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan keyingi o‘ylar

Yaqin o‘tmishimizda "Suv – hayot manbai" degan shior duch kelgan devoru ko‘priklar, kanallaru daryo sohillariga yozib qo‘yilar edi. Daholari "Sharqni suv orqaligina boshqarish mumkin", deb ta’lim olganlar ushbu shiorni ayniqsa, xush ko‘rardi. Suv hayot manbai ekan, demak, sening hayoting mening qo‘limda, xohlasam yashaysan, xohlamasang... o‘zing bilasan. Markazlashgan bu siyosat qariyb bir asr davom etdi. Markaziy Osiyo xalqlari mustaqil davlatchilikka ega bo‘ldi, lekin suv siyosati o‘zgarmadi. Uning oqibatini Prezidentimiz baland minbardan batafsil gapirib o‘tirmadi, Orol dengizining hozirgi ahvoli tasvirlagan xaritani ko‘rsatib qo‘ya qoldi...

Umr bo‘yi televizorda "Axborot" ko‘rib, birinchi bor ko‘zimiz yoshlandi. Orol bizning ko‘z o‘ngimizda quridi va shuning uchun ushbu muammoning vujudga kelishiga aybdor avlod vakillari sifatida "nima qilib qo‘ydik, endi nima qilishimiz kerak", degan savol bizga abadiy yechimi yo‘q jumboq bo‘lib qolgan edi.

Bu jumboqning yechimini Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kelganida topib, Orolga tashxis qo‘ydi: paxta monopoliyasidan voz kechish, transchegaraviy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish. Mana natijasi, bu yil bahoru yoz Amudaryomiz o‘ziga sig‘may oqib, Orol havzasidagi ko‘llar to‘ldi, dengizi bilan vidolashgan chag‘alaylar ko‘llarga qaytdi, juftiga sodiq oqqushlar ko‘paydi, Ustyurt etagidagi Suvenli ko‘lida qo‘tonlar sakrab o‘yinga tusha boshladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining besh tumanida paxta maydonlariga boshqa ekin turlari ekildi. "Jo‘jani kuzda sanaydi", deydilar, mana kuz ham kirib qoldi, sanab ko‘ramiz endi.

Prezidentimiz yuksak minbardan turib qilgan ma’ruzalarida ta’kidlagan noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shafeligida o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" nomli yuqori darajadagi xalqaro anjuman mavzusiga e’tibor bering. Orol muammosining eng muhim yechimi ushbu mavzuda, deb o‘ylaymiz.

Tarix yaxshi narsa, lekin uning tagida "mening bobom sening bobongni Qoratovda bir yiqitdi" qabilida ma’no yotsa, bu mintaqada Oroldan boshqa narsalar ham qurib ketishi hech gap emas.

Shoir ta’biri bilan aytganda:

Otalar befahmligi, xatosi bois,

Beshikda yotiboq boyimoqdamiz...

To‘maris, Kir, Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon, Amir Temur, Shayboniy, Yedige botir zamonlarida ham azmi Turon bilan Orol bor edi. ...Kir podsho Amudaryoning o‘ng sohiliga jangarilarini kema va sollarda o‘tkazib, so‘ng o‘sha matohlarini yoqib yuborganini bilamiz. Sababi, u To‘maris yurtini ishg‘ol qilishiga ishongan edi...

...Iskandar Zulqarnayn O‘ratepada yaralanib, shimol qo‘shinlari Nurotaga yetganida "endi bu qumlarning naryog‘ida sayg‘oqlar yasharkan" deb o‘ylagan peshqadam qo‘shin qo‘mondoni, Xorazmshoh Farasman II ning "Tegmasang tegmayman, tegsang o‘ngdirmayman" deb yozilgan xatini olib, ot boshini orqaga burgani ma’lum...

...XVI asrda Buxoro hokimi amir Shohmurod Murg‘ab daryosiga qurilgan to‘g‘on uchun qo‘shin jo‘natib, uni buzdirganiga nima deysiz?..

Xullas, biz o‘tmishni o‘z joyiga qo‘yib, tariximiz, dinimiz birligidan maqsadimizning birligi kelib chiqadigan g‘oyalar asosida bugungi avlodimizga hamjihatlik, farovon kelajak yo‘liga chorlaganimiz ma’qul deb o‘ylaymiz. Buning amaliy tasdig‘ini Prezidentimizning Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tashriflarida ko‘ramiz.

O‘tmishning qaysi bir mojarosini qaramang, uning ildizida g‘arazlik urug‘lari yotibdi. Markaziy Osiyo suvlari taqsimlanish tizimidagi adolatsizliklar ham shularning sirasiga kiradi.

Prezidentimiz ma’ruzasidagi quyidagi satrlarga biz yuz foiz qo‘shilamiz, chunki davlatimiz rahbari bizning ko‘ngilimizdagi so‘zlarni aytdi: "BMT Bosh kotibining "suv, tinchlik va xavfsizlik muammolari o‘zaro chambarchas bog‘liq", degan pozitsiyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchim komil, suv muammosini hal qilishning mintaqa mamlakatlari va xalqlari manfaatlarini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo‘li yo‘q.

O‘zbekiston BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman. Mana, mening qo‘limda – Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohning hojati yo‘q».

O‘ta aniq, adolatli va ezgu fikrlar.

Bizningcha, dengizni asrashning eng maqbul yo‘li – suv taqsimotida Orolga Markaziy Osiyo xalqlariga tegishli umumiy mulk sifatida qarab, unga yetarli suv miqdori alohida belgilanishi va undan ortgan suvlar davlatlar ehtiyojiga muvofiq taqsimlanishi adolatdan bo‘lar edi.

Xalq Prezidentimiz tashabbusi bilan Qo‘ng‘irotdan 101 kilometrga quvurlar orqali jadal sur’atlarda Mo‘ynoqqa yetkazilgan ichimlik suvini tavof qilmoqda. "O‘tgan asr oltmishinchi yillari ham ichimlik suvimizning sifatsizligini hukumat bilardi, lekin bironta chora ko‘rmagan, mana bu Prezident bolamizga rahmat, olti oyga yetar–etmas Mo‘ynoqqa toza ichimlik suvini yetkazdi", deydi orol chollari.

Haqiqatan, ilgari Mo‘ynoqni ko‘rgan ham, ko‘rmagan ham bugun tanimay qoladi. Markaziy ko‘cha keng guzarga aylanib, ko‘p qavatli imoratlar orasidan o‘tib, erkin iqtisodiy zonadagi sobiq baliq-konserva zavodi hududida yengil sanoat korxonasiga ko‘zingiz tushadi. Shahar gavjum qurilish maydoniga aylangan.

Xalq bilan muloqot davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan sari odamlarning yaxshi yashash istagi kuchayib, farovon turmush poydevori mustahkamlanmoqda. Sho‘r tuproqda gullagan jing‘illari bilan changalzorlarini dunyoning barcha sitrus o‘rmonlaridan afzal ko‘radigan qoraqalpoqlarning ruhi baland. Ruhi baland kishilar siltasa simni, tepsa temirni uzadi.

Barakalla xalqim, Sizdan minnatdormiz Prezident!

G‘ayratdin Xo‘janiyozov,
O‘zbekiston Qahramoni, Senator,

O‘rozboy Abdurahmonov,
Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi.

O‘zA
2 143






Все о погоде - Pogoda.uz