Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.01.2017 16:07 Chop etish versiyasi

Hayot maktabi

Bugun yigitlarimiz Qurolli Kuchlarimiz safida zamonaviy sharoitda xizmat vazifasini o‘tash bilan birga, jismoniy toblanib, intellektual salohiyati yuksalmoqda. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan yoshlar oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish, ishga joylashishda imtiyozlarga ega bo‘lmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 31-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.

Qurolli Kuchlarimiz safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ballga ega bo‘layotir.

Agar abituriyent harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasi asosida imtiyozlar bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha ballarni hisobga olgan holda tanlovdan o‘ta olmagan taqdirda, mamlakatimizning boshqa oliy o‘quv yurtiga qabul qilish to‘g‘risida ariza topshirishi mumkin. Bunda abituriyent tanlagan boshqa oliy o‘quv yurtiga qabul qilish tasdiqlangan umumiy qabul kvotasi doirasida, imtiyozlar bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha ballni hisobga olgan holda, fanlar bo‘yicha topshirilgan test sinovlari fanlar to‘plami (bloki) va abituriyent tomonidan to‘plangan ballarga muvofiq, Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Bunday arizalar test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarga berilayotgan bunday imtiyozlar harbiy xizmat nufuzini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘tgan yillarda yuzlab yoshlarimiz ana shu imkoniyatdan foydalanib, o‘zi tanlagan soha bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi. Bu imtiyoz bilan talabalikka erishgan yoshlar o‘qishda ham, jamoat ishlarida ham tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda.

Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi Behruz Ibrohimov muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tab, oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish huquqini beradigan tavsiyanoma asosida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabasi bo‘ldi. O‘qish davomida tengdoshlariga har jihatdan o‘rnak bo‘layotgan bu talaba tanlagan sohasi bo‘yicha bilim va malakasini boyitishga harakat qilmoqda.

– Mahallamizdagi yigitlarning harbiy xizmatga otlanganini eshitsam, tezroq katta bo‘lishni istardim, – deydi B.Ibrohimov. – Ular bilan suhbatlashib Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilishga bilimli, yuksak salohiyatli va har tomonlama chiniqqan yoshlar erisha olishini angladim. Qiziqish, havas, qat’iy ishonch o‘z ustimda muntazam ishlash, sinov jarayonlariga puxta hozirlik ko‘rishga undadi. Bu sa’y-harakatlarim besamar ketmadi, muddatli harbiy xizmatga otlandim. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Vatan himoyachilari safidan joy oldim. Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomida har bir yigit Vatani, xalqi, oilasini chin dildan sevishni o‘rganadi, tinchlik atalmish buyuk ne’matning naqadar qadrli ekanini chuqur his etadi. Harbiy xizmatchilarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu bilimimizning yanada boyishi, dunyoqarashimizning kengayishi, soha sirlarini puxta o‘rganishimizda muhim ahamiyat kasb etdi.

Davlatimiz tomonidan yoshlarning bunday qo‘llab-quvvatlanayotgani, berilayotgan imtiyoz va rag‘bat ularni faollikka, izlanishga undamoqda.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
939






Все о погоде - Pogoda.uz