O‘zA O`zbek

05.07.2020 Chop etish versiyasi

HAYOT LAVHALARI: chiyallik biznesmen

HAYOT LAVHALARI: chiyallik biznesmen

Tugʻilib oʻsgan qishlogʻimga tez-tez borib turaman. Bir safar Koʻkdaladan toʻgʻri poytaxtga qaytishimga toʻgʻri kelib qoldi. Yettitom chorrahasiga chiqsam, mashinalar odam kamligi uchun joʻnamay turishgan ekan. Odmigina kiyingan, moʻgʻulbashara bir yigit oldimga keldi.

– Toshkentga boʻlsa, olib ketaman, aka.

Koʻrishgach, “Hali odamingiz yoʻq-ku!”, dedim.

– Bugun, albatta, ketishim kerak. Ertaga Yangiobodning bozori. Agar oʻtirsangiz, joʻnayveramiz.

Havo salqinligi uchun egniga rangi unniqib ketgan chopon tashlab olgan bu yigit taksichidan koʻra koʻproq choʻponga oʻxshardi.

– Yoʻlkirasi qanday boʻladi? – Unga sinchkov tikildim.

– El qatori, – dedi yigit.

– El qatori, deganingiz qancha?

– Mana shular,– u yonida turganlarga ishora qildi,– aytib turganidan sal kamroq berasiz. Hademay shom tushib qoladi. Ketdik.

Shofyorning yoniga oʻtirarkanman “Chiyaldanmisiz?” deya soʻradim.

– Bu yerda hamma chiyallik, begonasi yoʻq.

Chiyal, deganim bizga qoʻshni qishloq, uni butun mamlakat biladi. Chiyalliklarning “yaxna” degan taomini yemabsiz – bu dunyoga kelmabsiz. Oʻttizga yaqin katta-kichik qishloqlardan iborat bu mavze – Qumdaryoning ikki sohili Chiyal degan umumiy nom bilan ataladi. Bir vaqtlari “Chiyal” davlat xoʻjaligi ham boʻlgan. Aholisi bizning qishloqlarga nisbatan toparmon-tutarmon. Tadbirkor, biznesmen, uddaburon xalq. Oʻtirgan joyida pul topadi. Yakshanba kuni boʻladigan “Payshanba” bozorida odamning jonidan boʻlak hamma narsani topsa boʻladi, deyishadi. Qisqasi, tinib-tinchimas, pultoparmon, dalli-gʻoʻlli el.

Shofyor bilan tanishib oldik. Qishlogʻining yoshi kattaroq odamlaridan ayrimlarini tanirkanman.

– Mening ismim Bahrom, – dedi u. – Lekin yoʻlingiz tushib qolsa, Bahrom deb soʻrasangiz, hech kim tanimaydi. Ammo “Boltchi” desangiz, hamma biladi.

– Boltchi? – Ajablanib unga qaradim.

– Ha, texnikaga tegishli bolt, gayka, shurp, degan narsalarni bilasizmi? Shular bilan savdo qilaman.

– Biznesingiz shu! – Tushunganday boʻldim.

– Ha, otam eski temir-tersaklar savdosi bilan shugʻullanardi. Toʻqqizinchi sinfdan otam bilan birga bozorga borardim. Otam meni uylantirgach, katta oʻgʻlim tugʻilguncha roʻzgʻorimiz birga edi. Bir kuni qoʻzi soʻyib, hamsoya-xaloyiqni chaqirib, xudoyi qildi. Keyin minib yurgan eski “Jiguli”sining kalitini va bir pachka pul berib, roʻzgʻorimni ajratdi.

– Endi biz hamsoyamiz, oʻgʻlim, – dedi. – Bundan keyin ikkita non olsang ham qaytarasan. Men ukalaringni ham oʻylashim kerak. Mana bu pulni tejab-tergab ishlatsang, bir oyga yetadi. Xohlasang, oʻrtoqlaringni chaqirib, bir kechada yeb-ichsang ham boʻladi. Mashina eskiroq boʻlsa-da, yuradi. Toʻy-maʼrakaga borib turishingga yaraydi.

– Keyin duo berdi. – Yigit menga bir qarab olib, davom etdi. “Unib-oʻsgin, oʻzlaringdan koʻpayib, bola-chaqang bilan eson-omon yurgin, ilohim!” dedi. Ha, aytganday, bir xalta un ham berdi. “Endi men nima qilaman, ota? Oʻqimagan, maktabni ham tuzuk-quruq bitirmagan boʻlsam”, deya koʻzimga yosh oldim. “Savoding boʻlmasa ham, savdoni, qoʻshuv-ayiruvni bilasan. Kallangni ishlat. Xohlasang, mening ishimni davom ettir. Men boshqa biznesga oʻtaman”, dedi. Shundan buyon boltchiman, aka.

– E, bu bolt deganingizni kim oladi-yu, undan qancha foyda koʻrasiz? – Bu yigit meni qiziqtirib qolgandi.

– Bu boltda gap koʻp, aka. – U xuddi tajribali savdogarlardek salmoqlab gap boshladi. – Hovlimga borsangiz, goʻyo avtobazaning garajiga kirib qoldimmi, deb oʻylaysiz. Hamma eski-tuski temir-taqa oʻsha yerda. Bugun sizni tashlagach, bir joyga borib yotaman. Tongdan Yangiobod bozoriga chiqaman. Bozorda yuradiganlarga arzimas pul berib, tayinlab qoʻyganman. Ular yigʻib turishadi. Bir “Kamaz”ga temir-taqalarni ortaman-da, kechqurun uyga qaytaman.

Chiyal degani katta joy. Bir qishlogʻida ikki mingdan odam yashasa, oltmish ming, uch mingdan boʻlsa, yuz mingga yaqin aholisi bor. Shularning birontasiga bitta gayka yoki bolt, yo biron “zapchast” kerak boʻp qolsa, menikiga keladi. Bitta temir uchun Toshkentga bormaydi-ku?! Ushbu hudud boʻyicha bitta oʻzimman. Shu temir-tersakning foydasidan eski “Jiguli”ni mana shu “Neksiya”ga almashtirdim. Yangi boʻlmasa-da, yaxshi yuradi. Ikki xonali uyimning yonidan yana ikki xona qoʻshdim. Hovlida toʻrt-beshta qoʻzi-uloq bor. Birovdan kam emasmiz. Toʻy-poʻyga borsam, “Boltchi aka”, keling, deyishadi.

Navbatdagi postda toʻxtatishdi. Boltchi boya yechib qoʻygan choponini kiyib, mashinadan tushdi. Birozdan keyin yana yoʻlga tushdik.

– Nima deyishdi? – Soʻradim qiziqsinib.

– Nima derdi! – Kuldi yigit. – Choy puli soʻrashadi-da. Bularga ham qiyin. Kun boʻyi shu sovuqda turishadi. Ellik soʻm berib ket, deyishuvdi, yigirma berdim.”Ellik soʻmim boʻlganda, shu choponni kiyib yurarmidim” dedim. Bu choponda gap koʻp, aka!

– Kelgusidagi orzu-havaslaringiz qanday?

– Orzudan koʻpi yoʻq. Uch oʻgʻlim bor. Bir dangʻillama toʻy qilsam, deyman. Elni yigʻib, xalqning oldidan oʻtsam. Koʻpkari, kurash bersam. Goʻsht moʻl boʻlsa, ichimlik ham. Hamma narsa dasturxonda ortib tursa... Bir kambagʻalning orzusida endi, shu eldan qochib qayerga ham borardik.

– Bu biznesingiz yurmay qolsa-chi?

– E, aka, mashina, mototsikl, velosaped, traktor, arava, qoʻyingki, texnika bor ekan, qishloqqa bir boltchi ham kerak-da!

Bu alomat yigitning ajabtovur hangomalarini tinglab, mashinamiz Toshkentga qanday kirib kelganini sezmay ham qolibman.

Bir payt “Oʻzingiz nima ish qilasiz, aka?” deya soʻrab qoldi u.

– Biron biznesingiz bormi?

– Biznes yoʻq. Shu yozuv-chizuv deganday.

– Qancha maosh olasiz? Kunlik bormi? Nima ishlar qoʻlingizdan keladi?

Oyligim miqdoriga biroz qoʻshib aytdim. U menga rahmi kelganday qaradi.

– Qiyin ekan, – deb qoʻydi. – “Dom”da turasizmi?

Sezdim, u bu odamdan qanday foydalansa boʻlarkan, deb oʻylardi.

Bir pas jim yurganimizdan soʻng:

– Bizda bir odat bor, – dedi u. – Har yili maktabimiz bitiruvchilari navbati bilan qishloqda Navroʻz bayramini nishonlab berishadi. Bu yil bizning sinfdoshlarning navbati. Pul yigʻilgan. Oʻn qozon osh osmoqchimiz, koʻpkari, kurash albatta boʻladi. Toshkentning manaman degan artistlari Navroʻzda Chiyalga kelishadi. Koʻp taniqlilarni qoʻshni qishloqlar band qilib qoʻyishibdi. Ancha yildan beri Toshkentda ekansiz, bir artist topishga yordam bersangiz, sizni ham quruq qoʻymasdik. Faqat taniqli boʻlsin. Mayda-chuydalari shart emas.

Mashina Qoʻyliq bozoriga yaqinlashganda, katta yoʻl chetidagi “dom”imiz yonida bu shaldir-shuldir, samimiy yigit bilan xayrlashdim.

Negadir u tez-tez esimga tushib turadi...


1 807
Abdujalol TAYPATOV, OʻzA