O‘zA O`zbek

14.08.2019 19:51 Chop etish versiyasi

Hayot boshlanishi: raqsmi yoki toshlar

Hayot boshlanishi: raqsmi yoki toshlar

Kim nima deb oʻylaydi, inson uchun uchun mittigina qizaloqning milliy libosda quvonch bilan raqsga tushgani qiziqmi yoki paleozoy erasidagi hayot izlari saqlanib qolgan yotqiziqlar va kesmalarmi?

Inson qaysi birga boqib koʻproq zavqlanadi?

Menga qolsa, 3-4 yoshdagi qizaloqni milliy qoʻshigʻimizga berilib, oʻzicha hirgoyi qilib ijro etgan raqsi qiziqroq.

– Kitob davlat qoʻriqxonasidagi Zinzilbogʻ kesmasidagi ochilib qolgan toshlar juda qadimiy, – deydi Germaniyalik sayyoh Markus Bayer. – Biroq, ularning qadr-qiymatini sayyoh sifatida kelgan oddiy odamlar anglab yetmasligi mumkin. Buning uchun malakali gidlar va yoʻlboshlovchilarni tayyorlash kerak. Yuqoriga chiqishning oʻziga yarasha mashaqqatlari bor. Buning uchun ham yetarlicha qulayliklar shakllangan boʻlishi – yoʻl, suv taʼminoti, dam olish hududlari, hojatxonalar kerak. Bu hududda geoturizm bilan birga etno yoki geo turizmni birga rivojlantirish ham yaxshi samara beradi.

Kitob davlat geologik qoʻriqxonasida turistlar uchun noyob geologik mashrutni ochish maqsadida yaqinda tashkil etilgan forumda bir qator davlat vakillari ishtirok etdi. Biroq, ular uchun ham bu sayohat unutilmas boʻlganga oʻxshamadi. Nega?

Aslini olganda mazkur joy bundan 407 million yil oldin dengizni qaytishi natijasida hosil boʻlgan quruqlik sifatida noyob geologik yodgorlik sanaladi. Shu bois hozirda 3938 gektar maydonni egallab turgan Kitob davlat qoʻriqxonasidagi Zinzilbogʻ kesmasi Emsa bazasi etalon standartlariga toʻla javob beruvchi dunyoning yagona noyob geologik etaloni ekani eʼtirof etilmoqda.

Biroq, bu hudud shu paytga qadar faqat ilmiy tadqiqotlar uchun ochiq boʻlgan boʻlsa, endilikda Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasiga Kitob geologik qoʻriqxonasini geoparkka aylantirish loyihasini taqdim etdi. Agar u tasdiqlansa, kelgusida mazkur noyob geologik yodgorlikni sayyohlar koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ayni vaqtda, yer yuzida hayot boshlanishi etaloniga Pragadagi geologik kesim ham daʼvogarlik qilmoqda. Vaholanki, etalon standartiga ega maktablar boshqalariga nisbatan ustun boʻlish bilan birga mazkur maqomni saqlash hamda himoya qilish uchun infratuzilmaning bor yoki yoʻqligi boʻyicha qatʼiy talablarga ham javob beradi.

Qiziq, biz bu hududni qoʻriqxona shaklidan chiqarib, geoparkka aylantirish, boshqalarga koʻz-koʻz qilishni istaganimizda xorijliklar asrab- avaylashni maslahat bermoqda. Aslida biz geopark barpo etib, YUNESKOning roʻyxatida turgan dunyoning 41 mamlakati qatoriga kirishga tayyormizmi? Bunga olimlarimiz nima deydi?

– Geoparklar tashkil etish mumkin, lekin avvalo, unga tabiatdagi qanday obyektlar kiradi? Uning turistik jozibadorligi nimalardan iborat boʻladi? Bizning imkoniyatlarimiz qanday? kabi savollarga javob topish kerak, – deydi geografiya fanlari doktori, professor Asqar Nigmatov. – Buning uchun geoturizm va geoparklarni ilmiy nuqtayi nazardan asoslash, soʻngra tegishli mutaxassislarni tayyorlash va amaliyotini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq boʻlardi. Biroq, birgina qoʻriqxonani parkka aylantirib, geoturizmni rivojlantirib boʻlmaydi. Hozirda geoturizm va uning obyekti boʻlgan geoparklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllanmagan. Shuning uchun bizning oldimizda bu yoʻnalishning maqsadi, vazifalari, oʻziga xos obyektlari kabi ilmiy asoslarni ishlab chiqish talab etiladi. Ayni vaqtda Namangan viloyati misolida turizmning turli yoʻnalishlariga javob beruvchi 420 obyekt aniqlandi. Biroq, ular orasida geoturizmga mos keladigani aniqlanmadi. Toʻgʻri, unga bizdagi geologik konlar javob berishi mumkin. Biroq, ularga turizm maqsadida kirish mumkin emas. Shunday ekan, biz turizming bu turini rivojlantirmoqchi boʻlsak, eko yoki agroturizm obyektlarini geoturizmga yaqinligini hisobga olib, ularni birga olib borish mumkin. Misol uchun, qoʻriqxonaga yetib borguncha boʻlgan yoʻlda koʻplab aholi yashaydigan uylar mavjud. Tabiat ham oʻz holicha saqlab qolingan.

Kelayotgan sayyohlarga bu qishloqlarda yashayotgan aholining turmush tarzi, toʻylari, urf-odatlari, quy-qoʻshiqlari koʻproq qiziqdir, balkim. Yoki organik yaʼni ekologik toza qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayoniga eʼtibor qaratish kerakdir. Kitob davlat qoʻriqxonasiga kelsak, agarda uni geoparkka aylantirsak, Shahrisabz shahridan qariyb 55 kilometr uzoqlikdagi bu obyektning yoʻl infratuzilmasini jahon standartlariga javob beradigan qila olamizmi? Shuncha uzoq yoʻl yurib, vaqtini sarflab kelgan sayyohga u yerdagi qanday noyob narsalarni koʻrsata olamiz?

Xorijiy va mahalliy olimlarimiz qoʻriqxona muhofaza qilinadigan hudud shaklidan xoʻjalik yuritish shakliga oʻtkazilsa albatta, koʻriladigan foyda ortishini aytishmoqda. Yangi ish oʻrinlari yaratiladi, atrofdagi aholining turmush tarzi yaxshilanadi. Bundan avval esa hududning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorlik va servis imkoniyatlarini hisob-kitob qilish kerak. Sarflangan xarajatlar qancha vaqtda qoplanadi? Buning iloji bormi? Atrof payhon boʻlib, qoʻlimizdagi qadimiy obyektdan ajralib qolmaymizmi? Ana shu savollarga javob berish asnosida shoshilmasdan, eng avvalo normativ hujjatlarni tayyorlash, huquqiy asosni mustahkamlash kerak.

Shu oʻrinda xorijliklar tabiatni nega oʻz holicha saqlashga undayotganiga izoh berishga harakat qilaman. Eng avvalo, toqqa koʻtariladigan soʻqmoq atrofida koʻplab chiqindilar uchradi. Atrofdagi sargʻaygan oʻt-oʻlan qoldiqlari, ammo mehmon kutgan, sarf-harajat qilgan tashkilotchilar ozodalikni eʼtibordan qochirishi kerak emas, nazarimda. Kamiga toqqa chiqqanlar orasida mineral suvni ichib, idishini atrofga uloqtirganlar koʻp boʻldi. Tarvuz, qovun poʻchoqlari atrofga sochilib yotibdi. Kimdir yoʻl-yoʻlakay konfetni qogʻozini tashlab ketgan ekan, xorijlik mehmonlardan biri boshini saraklatgancha, qogʻozni yerdan olib, choʻntagiga solib qoʻydi. Eng achinarlisi, togʻda chiqindilarni duch kelgan burchakka uloqtirish mahalliy ishtirokchilar tomonidan sodir etildi. Xorijliklar tabiatga ancha eʼtiborli boʻlib, suv solingan idishlari boʻshagan boʻlsada, har tarafga otmay qoʻlida olib tushganlar xorijliklar edi. Shundan ular qoʻriqxonani oʻz holicha saqlashni maslahat berishayotgandir. Yana kim biladi deysiz?

Shu tariqa dunyoning yaralishi daragini beruvchi togʻlarga chiqib, horib-tolgan forum ishtirokchilari Shahrisabzda barcha charchoqni unutishdi. Ularni Shahrisabz shahar madaniyat markazi qoshidagi “Marjona” folklor etnografiya jamoasining chiqishlari juda quvontirdi. Ayniqsa, 5 yoshli Madinabonu Roʻziqulovaning kapalak kabi begʻubor raqsi koʻpchilikning yodida qoldi. Qizaloqni video va suratga olgan xorijliklar bu tasvirlarni yaqinlariga hayajon bilan koʻrsatishlariga ishonaman.

Sayyora SHOYEVA, OʻzA
738