O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

HAYIT TUHFASI: Boʻkada qator muassasalar foydalanishga topshirildi

HAYIT TUHFASI: Boʻkada qator muassasalar foydalanishga topshirildi

Toshkent viloyati Boʻka tumani markazidagi tibbiyot birlashmasi kapital rekonstruksiyadan soʻng foydalanishga topshirilishi boʻkaliklarning quvonchiga quvonch bagʻishladi. Buning uchun davlat byudjeti hisobidan 24 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

Bemorlarni zamonaviy usulda samarali davolash uchun yangi tibbiyot jihozlari, uskunalar olib kelindi. Toʻliq taʼmirdan chiqarilgan toʻrt qavatli binoda 20 oʻrinli xirurgiya, 75 oʻrinli tugʻruq, 60 oʻrinli terapiya va 30 oʻrinli shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimlari mavjud. Shifoxonada davolanayotgan bemorlar uchun barcha sharoit yaratildi.

Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi.

Tuman markaziga koʻrk boʻlib tushgan bino qurilishi 2019-yil iyul oyida boshlangan edi. Qisqa muddatda bitkazilgan markazning yangi binosi barcha qulayliklarga ega boʻlib, bu yerda murojaat qiluvchilar uchun kutish joylari, tadbirlar oʻtkazish zallari mavjud.

Fuqarolarning muammolarini hal etish uchun mutaxassislar zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan.

Bayram arafasida “Katta ravot” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Katta ravot baraka chevarlari” korxonasi ham ish boshladi.

Umumiy qiymati 700 million soʻmdan iborat boʻlgan tikuvchilik korxonasiga zamonaviy dastgohlar olib kelib oʻrnatildi. Keng va yorugʻ binoda ishchilar uchun yaratilgan sharoitni koʻrib, havasingiz keladi.

Tuman xotin-qizlari tayyorlayotgan mahsulotlar sifati va dizayni bilan ajralib turadi. Shu bois, chet davlatlar bilan mahsulot eksporti boʻyicha shartnomalar tuzilmoqda.

Korxonada 10 turdagi kiyim-kechak va tibbiyot niqoblari tayyorlash, mahsulotlarning 30 foizini ichki bozorga, qolgan qismini esa eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Korxona ishga tushirilishi natijasida “Katta ravot”, “Oʻrta tepa”, “Ravot” va “Istiqlol” MFYlari hududida istiqomat qiluvchi 300 xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlandi.

Bu kabi bunyodkorlik ishlari Ramazon hayiti arafasida boʻkaliklarga katta sovgʻa boʻldi.

926
A.Musayev. OʻzA