Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.08.2018 15:47 Chop etish versiyasi

Hayit namozini Imom Buxoriy masjidida o‘qimoqchi edim

Hayit namozini Imom Buxoriy masjidida o‘qimoqchi edim Yaratganga shukr, niyatimga yetdim, deydi urgutlik 70 yoshli Abdulla Do‘styorov

Muborak Qurbon hayiti Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda. 21 avgust kuni erta tongda tuman va shaharlardagi 274 jome masjidida hayit namozi o‘qildi.

Ayniqsa, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi har qachongidan ham gavjum bo‘lib, bu yerda yurtimizning turli hududlaridan kelgan minglab yurtdoshlarimiz Qurbon hayiti namozini birga o‘qidilar.

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi. Prezidentimizning shu yil 15 avgustdagi farmoniga ko‘ra, bu yil muborak Qurbon hayiti mamlakatimizda keng nishonlanayotgani, ezgu amallar bajarilayotgani ta’kidlandi.

– Avvalgi tuzum vaqtida qishloqlarimizda hayit namozi yashirincha o‘qilganiga guvoh bo‘lganmiz, – deydi Abdulla bobo. – Allohga shukr, bugun mahallalardagi masjidlarda diniy ibodatlar emin-erkin ado etilmoqda. Har gal hayit namozlarini qishlog‘imizdagi masjidda o‘qirdim. Bu yil esa Imom Buxoriy masjidida o‘qishni niyat qilgandim. Shukr, niyatimga yetdim. Maskan va uning atrofi yanada obod bo‘layotganini ko‘rib, behad quvondim. Ilohim, yurtimizga, tinchlik-osoyishtaligimizga ko‘z tegmasin.

– Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigini xalqimiz o‘zgacha xursandlik bilan qarshi oldi, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Adashboy O‘rozboyev. – Bu mazkur bayramning mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdek ezgu qadriyatlarni o‘zida mujassam etgani bilan xalqimiz hayotida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir. Bayram arafasida ehtiyojmand, bemor kishilar holidan xabar olinib, ularga zarur moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilishi, hududlarda obodonlashtirish ishlarining olib borilishi ham Qurbon hayitining shukuhini yanada oshirdi. Yurtimizning ana shunday bayramlari, fayzu barokatli kunlari ko‘payaversin.

Hayit munosabati bilan joylarda o‘tkazilgan qurbonlik marosimlarida ham avvalo mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar, keksalar, bemorlardan hol so‘raldi. Viloyatdagi Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylarida istiqomat qilayotgan kishilar uchun bayram dasturxonlari yozilib, ularga sovg‘a-salomlar topshirildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 071