O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Hayit namozi oʻrnida xonadonlarda nafl namozi oʻqiladi

Hayit namozi oʻrnida xonadonlarda nafl namozi oʻqiladi

Jannatmakon oʻlkamizning moʻmin-musulmonlari oylarning sayyidi boʻlgan Ramazon oyini nihoyatda koʻtarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini roʻzador holda fayzu futuh bilan oʻtkazdilar. Bu oyni solih amallar va Alloh roziligi yoʻlidagi ibodatlar oyiga aylantirishdi. Alhamdulillah, Alloh taolo vaʼda qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni — Ramazon hayiti (Iydul fitr) arafasida turibmiz.

Ramazon hayiti dunyodagi millionlab musulmonlar qatori yurtimiz moʻmin-musulmonlari ham katta xursandchilik bilan oʻtkazadigan muborak ayyomdir. Chunki ushbu kun tutgan roʻzalarimiz qabul etiladigan, Allohning rahmati va fazli yer yuziga moʻl-koʻl yogʻiladigan, Allohga qullik va itoatda qalblarimiz zavqlanadigan ajoyib vaqtdir. Shu bois Islomning shiori boʻlgan ikki bayramda, Ramazon hayiti va Qurbon hayitida xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak odob-axloqimizni har qachongidan koʻra koʻproq izhor qilishimiz kerak.

Hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Bugun butun dunyo boʻylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi tarqalgan. Epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etildi. Yurtimiz ushbu ofatdan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishmoqda va vaziyat barqarorlashgani sari karantin choralari sekin-asta yumshatilmoqda. Lekin, butun dunyoning koʻplab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21-may kuni qabul qilingan “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida ham bu yilgi Ramazon hayitini karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtkazish zarurligi belgilandi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020-yilgi Ramazon hayiti namozini pandemiya davrida jamoat boʻlib oʻqish imkoniyati mavjud emasligi, moʻmin-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal boʻlgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozi ado etish soqit boʻladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Ramazon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hazrati Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini hayotga joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Abu Saʼid raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Iyd namozidan avval nafl namoz oʻqimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz oʻqirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Hanafiy mazhabining moʻtabar fiqhiy manbalaridan biri boʻlmish “Majmaʼul anhur” kitobida shunday deyiladi:

“Maʼlum boʻlsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining oʻrniga qoʻyilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli oʻqilmay qolsa, ikki yoki toʻrt rakat nafl namoz oʻqish mustahab boʻladi. Toʻrt rakat oʻqigan afzal”.

Bayon etilgan sharʼiy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Ramazon hayitini nishonlash boʻyicha quyidagi tavsiyani taqdim etadi:

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fatvosi asosida masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari toʻxtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini oʻqish ham moʻmin-musulmonlarning zimmasidan soqit boʻladi. Viloyatimiz aholisiga hayit kuni quyosh terak boʻyi koʻtarilgandan keyin yaʼni, quyosh chiqqandan yarim soatdan soʻng 2020-yil 24-may soat 5:30 da oʻz xonadonlarida toʻrt rakatli nafl namozi oʻqishlari tavsiya etiladi.

Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin! Bu kunni bayram qilib, savobli amallarni bajarishni Yaratganning oʻzi nasib aylasin!

Zayniddin ESHONQULOV,
Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining
Samarqand viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imom-xatibi

7 592
OʻzA